Putin qariyb 100 yoshgacha hokimiyatda qolishni istaydi – OAV
Olam
−
03 noyabr 2025 5614 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2050 yilgacha hokimiyatda qolishni istaydi. Bu haqda surishtiruvchi jurnalist Ilya Davlyatchinga tayanib, Britaniyaning “Daily Star” nashri xabar berdi.
Davlyatchinning so‘zlariga ko‘ra, Iosif Stalindan beri Kremlni boshqa har qanday hukmdordan uzoqroq vaqt boshqargan 73 yoshli Putin 97 yoshgacha hokimiyatni saqlab qolishni va keyin uni o‘g‘li Ivanga topshirishni xohlaydi. U hozirda 10 yoshda va 2050 yilda 35 yoshga to‘ladi.
Putinning vakolat muddatini qayta belgilash uchun 2020 yilda qayta yozilgan amaldagi konstitutsiya unga 2036 yilgacha yoki 83 yoshgacha Prezident bo‘lib qolish imkonini beradi.
Hukmronlik muddati bo‘yicha Putin allaqachon Augusto Pinochet (17 yil), Kim Chen Ir (17 yil), Benito Mussolini, Indoneziya diktatori Suxarto (20 yil) va Ruminiyani 24 yil boshqargan Nikolaye Chausheskudan o‘zib ketgan. Beshinchi muddat oxiriga kelib, Putin Mao Szedundan (27 yil) o‘tib ketishi mumkin, oltinchi muddatda esa 36 yil hukmronlik qilgan Fransisko Franko (Ispaniya) va Antonio de Salazarga (Portugaliya) yetib olishi mumkin.
Agar Putin 2050 yilgacha hokimiyat tepasida qolsa, u Muammar Kaddafidan (42 yil), Kim Ir Sendan (46 yil) va Fidel Kastrodan (49 yil) o‘tib ketadi va 50 yil hukmronlik qilgan Ivan Grozniydan beri Rossiyaning eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan rahbariga aylanadi.
Putinning yaqin doirasi Rossiya Prezidentining umrini uzaytirish masalalarini faol ravishda ko‘rib chiqmoqda va Sog‘liqni saqlash vazirligiga sentyabr oyida qarishga qarshi kurash bo‘yicha barcha mavjud ilmiy tadqiqotlarni zudlik bilan to‘plash topshirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ilmiy jamg‘armasi tomonidan so‘nggi besh yil ichida qarish va umrni uzaytirish sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirishga sakkiz baravar ko‘proq pul tikilgani haqida xabar berilgandi. Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda bunday loyihalar uchun grantlar yiliga 4–7 million rublni (44–78 ming AQSH dollari) tashkil etmoqda. Moliyalashtirish muddati yana 1–2 yilga uzaytirilishi mumkin. 2017 yilda esa bu yuqoridagi ko‘rsatkich 3–6 million rubl (33–67 ming dollar) atrofida bo‘lgan.
Live
Barchasi