Putin Gorbachyov bilan vidolashuvga korchalonlaridan gulchambar yubordi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin SSSRning birinchi va yagona prezidenti Mixail Gorbachyov bilan vidolashuv marosimiga kelmadi. Shunday bo‘lsa-da, davlat rahbari o‘zi nomidan marhum xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida gulchambar yubordi. Sovet rahbari bilan vidolashuv marosimi bugun, 3 sentyabr kuni Moskvadagi Kasaba uyushmalari uyida bo‘lib o‘tmoqda.  

Prezident gulchambari darhol tobut boshiga qo‘yildi. Katta, deyarli odam bo‘yidek keladigan gulchambar alvon gullardan iborat. Uning ustiga rus trikolori ranglaridagi lenta bog‘langan. 

Uning yonida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ma’muriyatining gulchambari bor. Shuningdek, marosimga Rossiya Federatsiyasi hukumati va Bosh vazir Mixail Mishustin, hokimiyat, kompaniya va tashkilotlardan alohida gulchambarlar keltirilgan. 

Putin Rossiya Federatsiyasi prezidenti sifatida Gorbachyov bilan bir necha bor uchrashgan, oxirgi marta bundan 16 yil avval – 2006 yilning mart oyida siyosatchining 75 yoshga to‘lishining ertasiga sobiq Sovet Ittifoqi rahbarini Novo-Ogaryovoda qabul qilgan.

Mixail Gorbachyov 1931 yil 2 martda tug‘ilgan. U 1990 yil 15 martdan 1991 yil 25 dekabrgacha SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lgan. Bundan tashqari, u Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining oxirgi Bosh kotibi va SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi lavozimlarida ishlagan.

Gorbachyov 1991 yil 25 dekabrda SSSR prezidenti lavozimidan iste’foga chiqdi, shu bilan birga Sovet Ittifoqi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Gorbachyov jamg‘armasida saqlanadigan mehnat daftarchasida uning davlat rahbari lavozimini tark etgani haqida hech qanday qayd yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni kechqurun og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi

Gorbachyov Moskvadagi Novodevichiy qabristoniga, turmush o‘rtog‘i yoniga dafn etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Gorbachyov

Baholaganlar

157

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing