Putin Erdo‘g‘anning taklifini qabul qildi
Olam
−
27 yanvar 2022
18665Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifidan foydalanib, epidemiologik vaziyat va jadvallar imkon berishi bilanoq Turkiyaga tashrif buyuradi. Bu haqda Rossiya davlat rahbari Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Ha, bu mavzu Prezident Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi so‘nggi bir necha muloqotda qayta-qayta ko‘tarilgan”, degan Peskov jurnalistlarga.
Uning qayd etishicha, ikki Prezident boshchiligidagi hukumatlararo komissiya va ikki tomonlama munosabatlarning oliy organi ishini o‘tkazishda ma’lum “pauza” mavjud. Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Erdo‘g‘an bu tadbirlarning barchasini Turkiyada o‘tkazishga tayyor ekanini aytgan.
“Prezident Putin bu taklifni minnatdorlik bilan qabul qildi. Ular epidemiologik vaziyat va jadvallar imkon bersa, bu taklifdan albatta foydalanishga kelishib oldi”, degan Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiyni ikki davlat o‘rtasidagi “ixtiloflarni bartaraf etish” uchun Turkiyaga taklif qilgandi.