“Tolibon”dan O‘zbekistonga xavf bormi? Toliblarning O‘zbekiston bo‘yicha rejasi qanday? (video)
Jamiyat
−
02 mart 2020
22601Xabaringiz bor, joriy yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolandi.
Imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonda qo‘shinlar sonini 135 kun ichida 12 mingdan 8,6 ming kishigacha kamaytirish majburiyatini oldi. Agar “Tolibon” mamlakatda hudkushliklarni mutlaqo to‘xtatsa, amerikaliklar o‘z harbiylari va NATO kuchlarini 14 oy davomida olib chiqishda davom etadi. Ushbu harakatlar evaziga toliblar AQSH va boshqa davlatlarga hujum qilish uchun Afg‘oniston hududidan foydalanishni to‘xtatishi kerak.
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, mamlakat hukumati bilan olib borgan muzokaralari natijasida tinchlik sulhi imzolandi. Jarayonda O‘zbekiston nomidan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham ishtirok etdi. Komilov ushbu hujjatning ahamiyati haqida shunday deydi:
“AQSH va “Tolibon” harakati o‘rtasida birinchi marta tinchlik jarayonini o‘rnatish shartnomasi imzolandi. 40 yil deganda birinchi marta yaxshi imkoniyatlar ochilyapti. Bunda O‘zbekistonning hissasi juda katta. Muhtaram Prezidentimiz o‘zlarining qat’iyatlari, kuchli irodalari, pragmatizmlari bilan tinchlik jarayonini Toshkentdan Dohagacha yetkazib berdilar”.
Afg‘onistonda 40 yil davom etgan urushning oqibatlari O‘zbekistongacha yetib kelgan. Mamlakatda urchigan xalqaro terrorizm eng birinchi navbatda yaqin qo‘shni o‘laroq O‘zbekistonga xavf tug‘dirgan. Xo‘sh, bundan keyin O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston tarafdan daxl yo‘qmi? Bu savolga vazir quyidagicha javob beradi:
“Birinchidan, Afg‘oniston xalqi bugun juda baxtli. Birinchi marta urush to‘xtadi. Otish, zo‘ravonlik to‘xtadi. Ikkinchi jihati – bu O‘zbekistonning xavfsizligi, barqarorligi va tinchligi. Kecha “Tolibon”lar bizning uchrashuvda aytishdiki, biz hech qachon “O‘zbekistonga qandaydir xavf keltiradigan, xavfsizligini buzadigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaymiz va bu sohada birga ishlashga tayyormiz”. Bu O‘zbekistonda uchun juda katta yutuq”.
Tinchlik sulhi O‘zbekistonning nafaqat xavfsizligi, balki iqtisodiy barqarorligiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqa olmaydi. Buning uchun avval yo Turmaniston, yo Afg‘oniston orqali Eronga yetib olish kerak. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi esa O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi.
“Bizning o‘zimizga yarasha pragmatik manfaatlarimiz bor. Bu – yangi yo‘llarni ochish, savdo qilish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Janubiy Osiyoga eskport qilish. Janubiy Osiyo – bu juda katta bozor. Hindiston, Pokiston, Eron va boshqa davlatlar eksport uchun juda muhim davlat”, deydi Abdulaziz Komilov.
LiveBarchasi