Putin bilan uchrashgan Fidan Zelenskiy qabulida ham bo‘ldi
Olam
−
30 may 2025 3834 2 daqiqa
Bugun, 30 may kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan rasmiy tashrif bilan Ukraina poytaxti Kiyevga bordi va u yerda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyning qabulida bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Bugun men Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashdim. Turkiya va Prezident Erdo‘g‘anga adolatli va barqaror tinchlik yo‘lida ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdim”, deya yozgan Zelenskiy.
Shuningdek, Prezident Turkiyaga ming nafar asirni ozod qilishda bergan yordami uchun alohida rahmat aytgan.
“Xususan, rossiyaliklar tomonidan asir olingan ming nafar yurtdoshimizni ozod qilishga olib kelgan uchrashuvni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun ham alohida rahmat aytdim. Rossiyada saqlanayotgan barcha ukrainaliklarni qaytarish – bizning eng asosiy ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir”, degan Ukraina rahbari.
Qolaversa, diplomatik harakatlar, o‘zaro hamkorliklar ham alohida muhokama qilingan.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina va Turkiya hali ham Rossiya aytgan memorandumni olgani yo‘q. Bu esa Rossiyaning beparvoligini anglatadi.
“Rossiyaliklar “1000 ga 1000” almashinuvdan so‘ng darhol tayyorlaymiz deb va’da bergan “memorandum”ni bir haftadan ortiq vaqtdan beri taqdim etmayapti. Ukraina bu borada hech qanday hujjat olmagan, Turkiya ham shunday”, deya yozgan Zelenskiy.
Zelenskiy Ukraina-Rossiya muzokaralari uchrashuv samarasiz bo‘lmasligi uchun, uning kun tartibi aniq bo‘lishi va muzokaralarga puxta tayyorgarlik ko‘rilishi zarurligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Rossiya navbatdagi ehtimoliy uchrashuvning foydasiz bo‘lishi uchun bor kuchi bilan harakat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan 26 may kuni Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qabulida bo‘lgan. Uchrashuvda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarga ko‘ra, muzokaralarda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha so‘nggi tashabbuslar va 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha muzokaralardan keyingi voqealar, iqtisodiyot va energetika sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina va Rossiya o‘rtasida 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan uchrashuv oldidan ikki tomonni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar uchun imkoniyat berishga chaqirgandi.