Erdo‘g‘an Moskva va Kiyevni muzokara o‘tkazishga chaqirdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina va Rossiya o‘rtasida 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan uchrashuv oldidan ikki tomonni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar uchun imkoniyat berishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 29 may kuni Istanbuldagi chiqishida ma’lum qildi.

“Biz Rossiya va Ukraina bilan aloqadamiz. Biz ularga eshik hali ochiq bo‘lsa, uni yopib qo‘ymasliklarini aytamiz. Har bir uchrashuvimiz davomida suhbatdoshlarimizga bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik kerakligini eslatib o‘tamiz. Mintaqamizda sodir bo‘lgan bu ulkan yong‘inni o‘chirish insonparvarlik burchidir”, dedi Erdo‘g‘an.

Kecha, 28 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kelasi dushanba, 2 iyun kuni Istanbulda Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazishni taklif qilgan edi. Ukraina yangi uchrashuvga tayyorligini bildirdi, lekin avvalo Rossiyaning tinchlik shartlari bilan tanishib chiqmoqchi.

“Bilishimcha, hozircha hech qanday javob bo‘lmagan”, dedi bugun, 29 may kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

U Kiyevning Rossiya Ukrainaga o‘z tinchlik shartlarini oldindan taqdim etish talabini “konstruktiv bo‘lmagan” deb atadi.

“Rossiya dushanba kuni Istanbulda uchrashishni va bu loyihalarni muhokama qilishni taklif qildi. Shuning uchun, darhol talab qilish konstruktiv emas. Bu yerda biz yo muzokaralarni davom ettirishga tayyorligimizni tasdiqlashimiz kerak, yoki aksincha”, dedi Peskov.

Ukraina delegatsiyasi rahbari, Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umerov o‘tgan oqshom X ijtimoiy tarmog‘ida quyidagicha yozgan:

“Rossiya tomoni jo‘nab ketishiga yana kamida to‘rt kun qolganida bizga o‘z hujjatini ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi kerak. Ukraina har doim imkon qadar konstruktiv bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar natija berishi kerak. Shuning uchun har bir uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerak”.

So‘nggi oylarda Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar sezilarli darajada faollashdi, biroq Moskva jangovar to‘xtashdan Kiyev “qayta qurollantirish, kuchlarini qayta to‘plash va yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rish” uchun foydalanishi mumkinligini bahona qilib, so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik berishdan bir necha bor bosh tortdi.

16 may kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari so‘nggi uch yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi. Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha hech qanday natija bermay yakunlandi, biroq tomonlar katta miqdorda mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishib oldi va bu allaqachon amalga oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva Rajab Toyib Erdo'g'an Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing