Putin ballistik raketalarini sinovdan o‘tkazdi (video)
Olam
−
22 Oktabr 7797 2 daqiqa
Bugun, 22 oktyabr kuni Rossiyada strategik yadro kuchlari ishtirokida harbiy mashg‘ulot o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda yadro kuchlarining quruqlikdagi, dengizdagi va havo komponentlari qatnashgan va unga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bevosita rahbarlik qilgan. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Kreml bayonotida qayd etilishicha, “barcha mashg‘ulot vazifalari to‘liq bajarilgan”. Mashg‘ulot doirasida “Yars” turidagi qit’alararo ballistik raketa Plesetsk davlat sinov kosmodromidan Kamchatkadagi “Kura” poligoniga uchirilgan. Shuningdek, “Sineva” ballistik raketasi Barens dengizi akvatoriyasidan “Bryansk” atom raketa suvosti kemasidan parvozga chiqarilgan. Shuningdek, uzoq masofali aviatsiyaga mansub Tu-95MS samolyotlari havo bazasidan uchiriladigan qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, “Yars” (RS-24) – 2009 yilda Rossiya Qurolli kuchlari safga qabul qilgan qattiq yoqilg‘ili qit’alararo ballistik raketa kompleksi bo‘lib, u 11 ming kilometrgacha masofadagi nishonlarga zarba berish imkoniga ega. Raketada bir necha mustaqil nishonga yo‘naltiriluvchi bo‘linadigan jangovar kallaklar mavjud.
“Sineva” (R-29RMU2) – uch bosqichli suyuq yoqilg‘ili ballistik raketa. U strategik atom suvosti kemalariga joylashtiriladi.
Tu-95 esa uzoq masofali strategik bombardimonchi-raketa tashuvchi samolyot bo‘lib, u odatda X-55 turidagi qanotli raketalarni (uchish masofasi – 2500 km gacha) olib yuradi. Bu model 1981 yilda seriyali ishlab chiqarishga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 120 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni mustaqil ravishda topib, ularga hujum qila oladigan “Klin” droni namoyish qilingan edi.
Live
Barchasi