Putin AQSH uni “taxt”dan ag‘darmoqchi deb o‘ylayapti — Bayden
Olam
−
17 iyun 2021
9940Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud, ammo Moskva xalqaro me’yorlarni hurmat qilishi kerak. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 16 iyun kuni Jenevada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
“Hozir quchoqlashish vaqti emas, lekin “sovuq urush” vaqti ham emas”, degan u.
Baydenga ko‘ra, u Putinga Vashington Rossiya bilan qanday prinsiplarda ishlashni niyat qilgani to‘g‘risida aniq ko‘rsatib bergan.
“Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash uchun istiqbollar mavjud, ammo barchamiz amal qiladigan umumiy asosiy qoidalar kerak. Hech kim yangi “sovuq urush”ni boshlashdan manfaatdor bo‘lishi mumkin emas”, degan Bayden va Putin ham buni istamasligini ta’kidlagan.
Baydenga ko‘ra, Putin bilan shaxsan gaplashib olish muhim bo‘lgan. Amerika Prezidentiga ko‘ra, Putin uning mamlakati “qurshab olinganidan” qo‘rqmoqda va AQSH Rossiyani ag‘darishga intilayapti deb o‘ylamoqda. Bayden AQSHning yo‘nalishi Rossiyaga qarshi emasligini ta’kidlagan.
“AQSH-Rossiya munosabatlari barqaror bo‘lishi kerak”, degan u.
Baydenning ta’kidlashicha, agar Putin Rossiya iqtisodiyotiga Amerikaning sarmoyalarini kiritishni xohlasa, u hibsga olingan AQSH fuqarolarini ozod qilishi kerak. Bayden, shuningdek, AQSH Amerika va uning ittifoqchilari manfaatlariga putur yetkazadigan harakatlarga javob berishini aniq aytgan.
“Putin mening choralar ko‘rishimni biladi”, degan Bayden.
Shuningdek, u AQSH Amerika saylovlari va demokratik tizimiga aralashilishiga toqat qilmasligini ta’kidlagan. AQSH ko‘pincha Rossiyani ayblaydigan kiberhujumlar mavzusida Bayden muhim infratuzilma xakerlar uchun daxlsiz bo‘lishi kerakligini aytgan. Unga ko‘ra, Amerika kuchli kiber salohiyatga ega va ular xakerlik hujumlariga javob bera oladi.
Matbuot anjumanida Jo Bayden inson huquqlari masalasi har doim Rossiya bilan muzokara mavzularidan biri bo‘lishini ta’kidlagan.
“Qanday qilib men Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti bo‘lishim va inson huquqlari buzilishiga qarshi gapirmasligim mumkin?” degan Amerika Prezidenti.
Bayden Putinni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha qamoqqa hukm qilingan muxolifat rahbari Aleksey Navalniy vafot etsa, uning oqibatlari Rossiya uchun “halokatli” bo‘lishidan ogohlantirganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u Putinga Aleksandr Lukashenko rejimi muxolifatni qattiq bostirayotgan Belarusdagi vaziyatdan AQSHning xavotirini va Amerikaning Ukraina suverenitetiga sodiqligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Jenevadagi muzokaralarda AQSH va Rossiya Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikda harakatlarni amalga oshirishga kelishib olgan. Bayden Afg‘onistonda terrorizmning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlagan, Putin o‘z navbatida Hindu Kushda xavfsizlikni ta’minlash uchun AQSHga yordam taklif qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 16 iyun kuni Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Jenevada uchrashdi. Muzokaralar ikki qismdan iborat bo‘ldi: tor va kengaytirilgan tarkibda. Umuman olganda, uchrashuv taxminan 4,5 soat davom etdi. Shundan so‘ng, alohida matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tdi: jurnalistlar bilan birinchi Rossiya rahbari, so‘ng Amerika rahbari suhbatlashdi.
LiveBarchasi