PSJ tomon talpinayotgan Oston
Sport
−
04 iyul 2023
8734Joriy yilning 1-14 iyun kunlari Toshkent va Bishkek shaharlarida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan “CAFA Nationʼs Cup 2023” musobaqasi o‘tkazildi. Ushbu turnir ko‘pgina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bahslar davomida stadionlarda qimor o‘yinining reklama qilinishi yoki Afg‘oniston futbolchilarining o‘yin tugamasidan maydonni tark etishi bilan bog‘liq holatlar futbol jamoatchiligining muhokamasida bo‘ldi. O‘zbekistonliklarning diqqati esa Srechko Katanets boshchiligidagi mamlakat milliy terma jamoasining ishtirokiga qaratildi. Ta’kidlash joiz, o‘zbekistonlik futbolchilar turnirda yomon ishtirok etmadi. Finalda azaliy raqib Eronga imkoniyat boy berildi, biroq o‘yin tomonlama “oq bo‘rilar” “fors yo‘lbarslari”dan ustunlik qila olgani bor gap. Eron esa O‘zbekiston futbolchilariga ojiz nuqtalarini ko‘rsatib bera oldi va bu ham qaysidir ma’noda o‘zbek futboli yutug‘idir.
“CAFA Nationʼs Cup 2023”da muxlislar Eldor Shomurodov va Jaloliddin Masharipov kabi yetakchi futbolchilarning o‘yinidan bahramand bo‘ldi. Shuningdek, Oston O‘runovning ham termada liderlikni qo‘liga olayotgani e’tiborga molik jihat.
QALAMPIR.UZ'ning galdagi suhbatdoshi aynan Namanganning “Navbahor” klubi a’zosi Oston O‘runov bo‘ldi.
Oston O‘runov 2000 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan. Dastlab futbol sir-asrorlarni aynan o‘z shahridagi futbol maktabidan o‘rgangan. Keyinchalik seleksioner mutaxassislar uni “Paxtakor”ga jalb qilgan. O‘runov katta futbolga katta qadamini Toshkent klubida tashlagan.
Ta’kidlash joiz, Angliyaning “Manchester Yunayted” va Fransiyaning PSJ klublari O‘runovning sevimli jamoalari hisoblanadi. Oston aynan Parij klubida to‘p tepishni orzu qilishini va orzusi yo‘lida to‘xtab qolmasligini aytib o‘tdi.
“Bolalagimdan MYUda o‘ynashni orzu qilardim, lekin hozir PSJga harakat qilmoqdaman”, deydi O‘runov.
Yosh va iqtidorli futbolchi “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lsa ham, “Navbahor” va “Lokomotiv” klublaridagi o‘yinlari bilan jamoatchilik yodida qolgan. Ayniqsa, O‘runovning “Navbahor”dagi samarali o‘yinlari uni keyinchalik Rossiyaga yo‘l olishiga sabab bo‘lgani sir emas.
Oston “Ufa” jamoasida o‘zini yangidan kashf etdi. To‘g‘ri, u “Ufa”da bitta ham gol urmadi, biroq o‘z pozitsiyasida yetakchilikni qo‘lga olishni uddaladi. Hujumlarni tashkil qilish, qarshi hujumlardagi faollik Ostonni rus nashrlarining asosiy mavzusiga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Sodir bo‘layotgan barcha voqeliklar futbolchini Rossiyaning yetakchi klublaridan biri Moskvaning “Spartak”i tomon yo‘l olishiga sabab bo‘ldi, lekin Oston Moskva klubida o‘zini topa olmadi. Jarohatlar va yana turli xil sabablar O‘runovni bir qancha vaqt futbolsiz qoldirdi. Uning “Ural”dagi faoliyati ham omadsiz chiqdi.
Rossiyadagi sarguzashtlari yakunlangach, O‘runov jonajon “Navbahor”iga qaytdi. Yana sevimli murabbiyi Samvel Babayan qo‘l ostida to‘p tepa boshladi.
O‘runovning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, u O‘zbekiston chempionatining ikkinchi davrasida “Navbahor”da to‘p tepmasligi mumkin. Gap shundaki, O‘runovga Yevropadan takliflar bor.
“Hozir xorijdan takliflar bor. 3-4 ta Yevropa davlati klublari menga qiziqish bildiryapti”, deydi O‘runov.
Shuningdek, futbolchi Rossiya va O‘zbekiston chempionatlari o‘rtasidagi farqli jihatlarni aytarkan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Superligasi ancha kuchayganini, biroq Rossiya futboli tezkorlik jihatdan bir pog‘ona ustunligini ma’lum qildi.
Oston O‘runov bilan eksklyuziv intervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.
LiveBarchasi