PSJ nimaning evaziga “Arsenal”ga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozondi?
Sport
−
08 may
55188 mayga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi yarim final javob o‘yini doirasida PSJ o‘z uyida “Arsenal”ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘yinning umumiy tahlilini o‘z obunachilariga taqdim etadi.
Parijliklar avvalo, tezkor qanot futbolchilari va qanotdagilarni oldinga unday oladigan pleymeykerlar bilan raqibini mag‘lub etdi. Dastlab, Park de Prens stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yindagi mezbonlarning ilk xavfli vaziyati haqida. Qarshi hujum Markinosning uzun pasidan keyin Duye markaz tomon intilib, o‘zining qarshisiga ta raqibni chorladi va chap qanotdan ochilib kelgan hamda qulay vaziyatga chiqib kelgan Kvaratsxelyani to‘p bilan ta’minladi. Gruziyalik vingerning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegib qaytdi.
Duyening birga-bir vaziyatga chiqib gol urolmagan holatida esa parijliklar safida birgina Duye pressingda ishladi, natijada Saliba kimga pas berishni bilmay qoldi. Oxiri fransiyalik himoyachi Barkolya bosim uyushtirayotgan Kiviorga uzatma amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Polshalik futbolchi esa to‘pni shu zahoti oldirdi. Londonliklar butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tib, himoyalanishda oqsagani mana bu vaziyatda bilindi. Ya’ni Barkolya Duyeni to‘p bilan ta’minlayotganida kanonirlar himoyasida bor-yo‘g‘i ikkita o‘yinchi qolgandi. U ham bo‘lsa, xato pas bergan Saliba va chap qanot himoyachisi Skelli.
Birinchi gol urilgan vaziyatda esa jarima zarbasidan uzatilgan to‘p qaytdi va birinchi to‘p to‘g‘ri Ruisning oyog‘i ostiga tushdi.“Arsenal” tayanch yarim himoyasi va himoyasi ispaniyalik to‘pni to‘xtatib, zarba yo‘llaguncha yo‘lak ochib berdi. Fabianning qarshisiga hech kim chiqmadi. Keyin u bir harakat bilan Edegorni aldab, kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Goldan keyingi parijliklarning ilk vaziyatida ham “Arsenal” futbolchilarining butun jamoa bo‘lib oldinga tashlangani va buning oqibatida himoya bo‘sh qolganining guvohi bo‘lyapsiz. Ushbu vaziyatda Duye cho‘zib o‘tirmay, birgina pas bilan Xvichani oldinga undadi, pas berilayotgan vaqtda Timber va Skelli so‘nggi himoyachi rolini bajara olmadi.
Shuningdek, PSJ hujumidagi o‘yinchilar texnik jihatdan ancha individual mahoratga ega ekanligi ushbu vaziyat yakunida yana bir bor isbotini topdi. Xvicha to‘pni qizg‘anmadi va Barkolyaga uzatma amalga oshirdi. Bredli esa bir harakat bilan Skellini “do‘konga” chiqarib yubordi va zarba yo‘lladi, Rayya qaytardi.
Ikkinchi taym boshida “Arsenal” hujumga o‘tdi. Saka to‘pni qabul qilib oldi va Mendeshni dog‘da qoldiri. Uning yo‘llagan xavfli zarbasini Donnarumma qaytardi.
Penalti belgilangan vaziyatdagi hujum rivojlanishiga e’tibor bering. Yana o‘sha Duye to‘p bilan ajoyib muomala qilib, yaqiniga ta raqibini to‘pladi va shu zahoti qulay vaziyatga chiqib borgan Hakimiga to‘pni uzatdi. Ashrafning yo‘llagan zarbasi chog‘ida to‘p Skellining qo‘liga kegdi va penalti belgilandi. Belgilangan 11 metrlik jarima zarbasidan Vitinya unumli foydalana olmadi, Rayya zarbani qaytardi.
Ikkinchi gol urilgan hujum boshlanishi. Xvicha bemalol to‘p bilan chap qanotda oldinga intilmoqda. Hujumga chiqib pozitsiyasini ochiq qoldirgan Timberning o‘rnini Edegor borib egallamoqchi bo‘lyapti. Kvaratsxeliya to‘pni markazga yetkazdi va “Arsenal” tayanch yarim himoyasidagi Parti to‘pni egallay olmadi.
Dembele birgina teginish bilan Hakimini to‘p bilan ta’minladi. Ashraf to‘pni darvozaga yo‘llagunicha londonliklar himoyasi unga koridor ochib berdi.
PSJ xato qilmadi, qilmaydi deysizmi? Unda bu vaziyatga qarang. Markinos xato qilib, to‘pni Trossardga oldirdi. Belgiyalikning pasidan keyin Saka jarima maydonchasi ichida to‘pni qabul qilib, darvozani ishg‘ol qilishga urlurdi. Zaxiradan qo‘shilgan Lyuka Ernandes unga qarshilik qilolmadi.
Hotirjamlikka berilgan parijliklar himoyaga yotib oldi. Oqibatda “Arsenal” hujumlarni tindirmadi. Mana bu vaziyatda Kalaforining uzatmasidan keyin Saka zarba yo‘lladi. Sakaning zarba yo‘llayotgan vaqtida parijliklar markaziy himoyasida bo‘shliq paydo bo‘ldi va uni hech kim to‘xtata olmadi. Bukayo esa bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilolmadi.
O‘yinning yakuniy pallasida PSJ hujumga o‘tdi. Jismonan toliqqan Arsenal futbolchilari himoyalanishda yana oqsadi. Xvicha to‘pni o‘zi bilan olib yurib, yana yoniga 4 ta raqibni chorladi va Ruisga pas berdi. Ruis Dembelega pas berdi. Usmonning yo‘llagan zarbasini Rayya qaytardi.
Xulosa qilib aytganda, Arsenal gol urish uchun butun jamoa bilan oldinga chiqdi va oqibatda himoyada katta bo‘shliqlar paydo bo‘ldi. PSJ esa bu bo‘shliqlardan unumli foydalanishga harakat qildi. Shuningdek, realizatsiya, ya’ni vaziyatlardan unumli foydalanish borasida ham londonliklar ancha oqsadi. Ushbu faktorlar ushbu jamoalar o‘rtasidagi ilk o‘yinda ham yaqqol namoyon bo‘lgandi.
Finalga munosib jamoalar chiqdi, PSJ va “Inter”. Favoritni oldindan aytib bo‘lmaydi. Final 31 may kuni Myunxenda bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi