“Propiska” tarixda qolmoqda. Deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
12 Oktabr 2021
19280Uzoq yillar O‘zbekiston xalqini qiynab kelgan “propiska” atamasini qonunchilikdan chiqarib tashlash rejalashtirilyapti. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida shu haqda belgilangan.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlaridagi “doimiy propiska qilish” tushunchalari “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga hamda “turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” tushunchalari “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda va yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi chiqarib tashlanmoqda. “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga ko‘paytirilgan miqdordagi davlat boji haqida tushuncha hamda boshqa ko‘plab qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo‘llash amaliyotida “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish”, “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” hamda identifikatsiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etilishiga olib keladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
LiveBarchasi