Toshkentda “propiska” to‘liq bekor qilindi

Jamiyat

image

Endi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy “propiska” olish huquqiga ega shaxslar doirasi cheklanmaydi, ya’ni barcha doimiy “propiska”dan o‘tishi mumkin. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida”gi qonunda qayd etilgan.

Qabul qilinganiga 14 yil bo‘lgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bo‘yicha propiska qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun shu bilan o‘z kuchini yo‘qotmoqda.

Amaldagi qonunga ko‘ra, faqat 12 toifadagi fuqarolar (uy-joy mulkdorlari, qarindoshlar, vasiylikdagi va tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan bolalar, ota-onasi bo‘lmagan voyaga yetmagan qondosh aka-uka va opa-singillar, parlament, Prezident, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoki ular bilan kelishilgan holda saylangan, tayinlangan, tasdiqlanadigan fuqarolar, shuningdek, ularning oila a’zolari va boshqa shaxslar) doimiy “propiska” qilinishi kerak edi. Bundan buyon faqat 12 toifadagi shaxslar emas, balki barcha fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ldi.

Joriy yilning 24 yanvar kuni Senatning uchinchi yalpi majlisida amaldagi qonun bilan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar fuqarolarning respublika hududida erkin harakatlanishi, yashash joyi va kelgan joyini tanlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmasliklariga sabab bo‘layotgani aytilgandi. Bundan tashqari, doimiy yashash yoki vaqtinchalik turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi respublika bo‘yicha bir xil emasligi fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirayotgandi.

Yangi qonun bilan fuqarolarning yashash joyida “propiska”siz bo‘lish muddati 15 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi. Fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

“Ye-xabar berish” tizimi joriy etilib, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Doimiy “propiska” uchun shaxsan o‘zi borib ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro o‘zi bilan birga mulkdorning pasporti yoki identifikatsiya kartasi, shuningdek, pasporti yoki shaxsiy guvohnomasini hamda uy-joy mulkdorining turar joy berish to‘g‘risidagi rozilik arizasi yoki agar mulkdor shaxsan bora olmasa, notarial tasdiqlangan roziligini olib borishi kerak. Arizachi 16 yoshga to‘lmagan bolani ham ro‘yxatga qo‘ymoqchi bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yoki bolaning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, shuningdek, agar bola vasiylik ostida bo‘lsa yoki tarbiyalash uchun oilaga berilgan bo‘lsa, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Bola ota-onasi yoki ota-onasidan birining yashash joyida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, mulk egasining roziligi shart emas.

Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishda esa fuqaro tomonidan quyidagilar berilishi kerak:

  • mulk egasining arizasi yoki roziligi (zarurat tug‘ilganda notarial tasdiqlangan);
  • mulkdor va ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsiy guvohnomasi;
  • agar 16 yoshga to‘lmagan bola ko‘rsatilgan bo‘lsa – uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • vasiylik yoki homiylik holatida – tasdiqlovchi hujjatlar.

Qonun uch oydan keyin – 2025 yil 12 oktyabrda kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent propiska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing