10 000 $ bilan ushlangan Xolbo‘tayev, “probka”da qolib ketgan Prezident, bekor bo‘layotgan “propiska” cheklovi – Hafta tahlili
Tahlil
−
12 iyul 11512 17 daqiqa
O‘zbekistonda hokim pora bilan ushlandi. Eng qizig‘i, u muqaddam xuddi shu ayblov bilan qo‘lga olingandi. Prezident yo‘llardagi “probka”larni tanqid qildi, ammo Toshkentda odam soni kun sayin ko‘payib bormoqda. Toshkent propiskasini olishni taqiqlovchi qonunning bekor bo‘lishi esa poytaxtda qatnovning yanada ortishiga olib keladi. Chet elda jinoyat qurboni bo‘layotgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarish va huquqlarini himoya qilish masalasi hamon sansalor. Shu va boshqa masalalar muhokamasi bilan QALAMPIR.UZ’da Hafta voqealari tahlilining navbatdagi soni.
Toshkentga “propiska”ga qo‘yish bo‘yicha taqiq bekor qilinyapti
10 yillar davomida O‘zbekistonda mahalliychilikni rasman tasdiqlab kelayotgan hujjat – “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bo‘yicha propiska qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotmoqda. Bundan anglashiladiki, endilikda O‘zbekistonning istalgan viloyatidan kelgan fuqarolar poytaxt Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turishi mumkin.
Ma’lumki, bundan 14 yil avval yuqoridagi qonun qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 12 toifadagi fuqarolarga Toshkent shahri va viloyatida doimiy “propiska” olish huquqi berilgan edi. Bu esa xalqaro ekspertlar tomonidan inson huquqlarining cheklanishi sifatida baholab kelinardi. Yillar davomida Toshkentda o‘qib, ishlab, ushbu katta shaharda ro‘zg‘or tebrataman, deb kelganlar ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ko‘chalarda, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lgani, ularga xuddi begonadek muomala qilingani, haydalgani, chetlashtirilgani ham bor gap.
Oxirgi yillarda Toshkentdan uy xarid qilish va propiskaga turish ancha yengillashdi. Endi birinchi ma’muriyat davridagidek, Toshkent mamlakat ichida alohida mamlakat emas. Va nihoyat Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida”gi yangi qonunni imzoladi. Qonun 2024 yilning 15 oktyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida, joriy yilning 24 yanvarida Senatda tasdiqlangan. Hujjat 2025 yilning 12 oktyabridan kuchga kiradi.
Unga muvofiq har qanday fuqaro doimiy propiskadan o‘tishi mumkin. 2011 yilda qabul qilingan va hozirgacha amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, faqat 12 toifadagi fuqarolar (uy-joy mulkdorlari, qarindoshlar, vasiylikdagi va tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan bolalar, ota-onasi bo‘lmagan voyaga yetmagan qondosh aka-uka va opa-singillar, parlament, prezident, Vazirlar mahkamasi tomonidan yoki ular bilan kelishilgan holda saylangan, tayinlangan, tasdiqlanadigan fuqarolar, shuningdek, ularning oila a’zolari va boshqa shaxslar) doimiy “propiska” qilinishi mumkin edi. Biroq, bu tartib yangilangan Konstitutsiyaning 32-moddasida qayd etilgan “O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega”, degan tushunchaga zidligicha qolayotgan edi.
Yangi qonun bilan fuqarolarning yashash joyida “propiska”siz bo‘lish muddati 15 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartirilmoqda. Fuqarolarga, shuningdek, doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan bo‘lib turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun onlayn ariza berish imkoniyati yaratilmoqda.
Prezident Toshkentdagi “probka”lardan norozi
Oxirgi yillarda poytaxt Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan aholi soni kundan kunga bortib borayotgani ham bor gap. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ishonilsa, 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 37,9 millionni tashkil etmoqda va shundan 3 million 145 ming 200 dan ziyodi poytaxt Toshkent hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkent viloyatining doimiy aholisi soni esa 3 million 134 ming 100 kishi. 2022 yilning 1 yanvar holatiga taqqoslansa, Toshkent aholisi 284 700 nafarga, Toshkent viloyati aholisi esa 192 500 nafarga oshgan. Bu statistikaning rasmiy qismi, xolos. Hali Toshkentga kelib o‘qiyotgan, ishlayotgan, kundalik va mavsumiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, kirakashlik qilayotganlarni hisobga olmagandagi raqamlar bu. Lekin haqiqiy holat ko‘rsatilganidan ancha yuqori. Oqibatda esa yo‘llarda tirbandlik, jamoat transportida yuklamalar ortmoqda. Hatto, Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham Toshkentdagi “probka”lardan shikoyat qildi.
Bu haqda davlat rahbari 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida gapirdi.
Prezidentning aytganicha bor, biroq yo‘llardagi “probka”larga har doim ham yengil avtomobillar qatnovi ortgani sabab bo‘layotgani yo‘q. Aylana bilan yechim qilish mumkin bo‘lgan joylarga ham svetoforlar o‘rnatilgani, svetoforlarning to‘xtash chiroqlari va yashil chirog‘i yonishi davomiyligi o‘zaro nomutanosibligi, ba’zi yo‘llarda 30-50 metr masofada ham svetoforlar joylashlagani, tezlikni oshirish chegarasi ko‘plab joylarda 50 va 60 etib belgilangani, kamiga har bir chorrahada joylashgan qoidabuzarliklarni qayd etib boruvchi kameralardan qo‘rquv, yashil va sariq chiroq oralig‘ida o‘tgani uchun tuzilayotgan jarima bayonnomalari – haydovchilarni yo‘llarda qo‘rqoq va ehtiyotkor qilib qo‘yyapti. Hali svetoforning sariq chirog‘i yonmay turib, oxirgi 7-5 sekundlarda kameraga tushmay, deb svetoforlarda to‘xtab oladigan haydovchilar hisobiga sodir bo‘layotgan YTHlar ham yo‘q emas. Yirtiq-yamoq yo‘llarni, o‘ydim-chuqurlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Ustiga-ustak ayrim ko‘chalarda, ayniqsa, ma’muriy binolar yoki imkonini qilganlarning mahallalarida, yashash joylarida to‘xtashni yoki harkatlanishni taqiqlovchi belgilarning o‘rnatilgani, yo‘llar va avtomobillar to‘xtashi mumkin bo‘lgan joylar asossiz o‘rab olinganining hisobiga haydovchilar sarson bo‘lmoqda. Prezident bularni biladi va bu safar bu masalaning ham yechimiga to‘xtaldi.
Yig‘ilishda aytilishicha, 2024 yilda mamlakatda 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularda 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Prezidentning aytishicha, har kuni avariyalarda o‘rtacha 6 kishi halok bo‘lmoqda va tashvishli raqam.
Biroq, masalaning boshqa jihati ham bor. O‘zbekistonda avtomobillar va piyodalarning kontaktga kirishish imkoniyati juda yuqori. Behosdan urib yuborish yoki avtomobil yo‘liga chiqib ketish holatlari tez-tez uchrab turadi. Mamlakatda, juda bo‘lmaganda, poytaxt Toshkentda piyodalar o‘tish yo‘laklarini katta yo‘llarda to‘liq yerosti va yer usti o‘tish yo‘laklariga o‘tkazilsa, ushbu yo‘laklar ham qulay, bir-biridan uzoq bo‘lmagan masofadalarda, aholining har qanday yosh va jismoniy imkoniyati inobatga olinib, barpo etilsa, avtomobillar yo‘liga piyodalarning chiqishi va shu orqali YTH qurboni bo‘lishi ehtimoli anchaga kamayadi. Germaniyaga borganimda avtobusimiz juda katta tezlikda harakatlanayotganidan qo‘rqib, haydovchiga “biror odam yo‘lga chiqib qolsa, urib yuborasiz, sekinroq haydang”, dedim. U menga qarama qarshi yo‘llarni ajratib turgan zich to‘siqlarni ko‘rsatdi va “bu yo‘lda yo‘lovchining hech qanday ishi yo‘q, mabodo avtomobil yo‘liga chiqib, jarohatlansa yoki vafot etsa, ayb to‘laligicha piyodada bo‘ladi”, degan edi. O‘zbekistonda esa ko‘pincha piyodalarning manfaatlarini yuqori qo‘yib, haydovchilarga dushmandek qarash holatlari odamlar orasida anchayin urchigan. Albatta, bu bilan haydovchilarni oqlamoqchi emasmiz, ammo aytganimdek, ularning piyodalar bilan kontaktini maksimumdan minimumga tushirish kerak.
Xullas, Prezident ham yig‘ilishda yerosti va yerusti o‘tish yo‘llari masalasiga to‘xtaldi. Qayd etilishicha, mamlakatda 10 mingdan ziyod piyoda o‘tish joylarining atigi 154 tasi yer osti va usti orqali tashkil etilgan. Shu bois 1 oktyabrga qadar Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy, Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi. Yil yakunigacha qancha yer osti va yer usti qayrilish hamda piyodalar o‘tish joylari, zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari va chiziqlari kerakligi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi.
Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi. Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi. Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.
O‘tgan yilda haydovchilar 24 millionta huquqbuzarlik sodir etgan. Bularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlikka kiradi. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu surunkali tus olgan. Endi “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston hududida eskirgan avtomashinalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish masalasi ham muhokama qilindi. Bunga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov munosabat bildirarkan, 40-50 yillik avtomashinalarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish – juda to‘g‘ri taklif ekanini aytib, hatto bu cheklovni 25-30 yilga tushirish ham noto‘g‘ri bo‘lmasligini bildirgan. Faqat mashinani almashtirish, ya’ni yangisini sotib olish uchun qulay takliflar bo‘lishi kerak.
U ichki ishlar tizimi xodimlarini tayyorlash bo‘yicha tashabbusni o‘rinli va og‘riqli muammo, deya baholadi.
“Bu sohada ishini yaxshi biladigan, o‘qigan, har tomonlama jamiyatga namuna bo‘ladigan qorako‘zlar ishlashi kerak, vazirlikdagi mansabdorning jiyan yoki hamqishloqlari emas. Jamiyat formadagi xodimlar bilan faxrlanishi kerak. Tartib hayotiy zarurat, u hammaga kerak. Lekin cheklovlar va jazolarsiz tartibni ta’minlash mumkin emas”, deydi “Milliy tiklanish” DP raisi Alisher Qodirov.
Farg‘ona YHXB boshlig‘i ishdan olindi
Sohalardagi qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik, oshnachilik, bir so‘z bilan aytganda, nepotizm haqida gap ochilganda, u O‘zbekistonni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammo ekanini unutmaslik kerak. Buning oqibatini esa ko‘za kunda emas, kunida singanida ko‘rib turibmiz.
Xususan, o‘tgan hafta oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar – Farg‘ona viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida qonunsizlik va korrupsiya avj olayotgani hamda unda Malibu-2 rusumli avtotransport vositasi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar asossiz bekor qilingani, mamlakatda yirik amaldor tomonidan yo‘l qo‘yilgan nepotizmni kun tartibiga chiqardi.
Gap aylanib kelib Farg‘ona viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedovga taqaldi. Chunki, aynan 100 dan ortiq qoidabuzarliklari bo‘yicha bayonnomalari bekor qilingan haydovchi Ahmedovning yaqin qarindoshi ekani da’vo qilindi va o‘rtoq boshliq egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Uning ishdan olinishi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan amalga oshirilgan. Ichki ishlar vazirligi YHXBBning ma’lum qilishicha, Ahmedov davlat raqami 40 081 SBA bo‘lgan Malibu-2 mashinasida sodir etilgan qoidabuzarliklarni qonunga zid ravishda yashirishga uringani fosh etilgan. Avtomashinaga belgilangan jarimalar davlat foydasiga to‘liq undirilgan.
Hozirda mazkur qonunbuzarlikka to‘liq huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mayli, Ahmedovning qilgan xatosi endi jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, u lavozimidan ozod etilgandir. Lekin u barcha qoidabuzarliklarni bir kunda bekor qilmagandir? Nega o‘z vaqtida buning yo‘li to‘silmagan? Ko‘rinadiki, inson omilisiz qoidabuzarliklarni qayd etayotgan kameralar bayonnomalarini yana inson omili aralashuvi bilan bekor qilish mumkin va u nazoratsiz qoldirilgan. Xo‘sh, tizimda Ahmedov bunday ishga qo‘l urgan yagona odamligiga kim kafolat beradi?
Hokim va prokuror o‘rinbosari pora olayotganda qo‘lga tushdi
Mansabdorlarning, xalq ishongan vakillarning xurmacha qiliqlaridan uzoqlashmaymiz. Tugayotgan haftada Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi va Guliston shahar prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi.
Gap shundaki, Sharof Rashidov tumani hokimligining bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbariga tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayevning tegishli qarori bilan maktab qurish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat olib berishni va’da qilgan va bu xizmatini 30 ming AQSH dollariga baholagan.
U 5 iyul kuni so‘ralgan puldan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayevga bergan. 8 iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham olgan va unga va’da qilganidek, ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etgan.
So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida hokim Mahmud Xolbo‘tayev bilan uchrashib, 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda hokim deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish), bosh mutaxassisga esa 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aytish o‘rinliki, Mahmud Xolbo‘tayev bundan avval – birinchi ma’muriyat davrida ham – 2012 yilda aynan poraxo‘rlik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. U 2004 yilda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi bo‘lgan. O‘sha yilda u O‘zbekiston Oliy Majlisining senatori etib prezident tomonidan tayinlangan.
2019 yil oktyabrdan Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Xolbo‘tayev, mamlakat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan edi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Guliston shahar prokurori o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Boyovut tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbariga nisbatan Boyovut tumani IIB Tergov guruhi ish yurituvidagi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda keyinchalik ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora so‘ragan.
Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonun himoyachisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda prokuror o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28-moddasi orqali 211-modda (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Har ikki holat bo‘yicha mansabdor shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari ham pora bilan qo‘lga tushdi. U Taxiatosh tumanida faoliyat olib borayotgan qizilmiya ildizlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan MCHJ rahbariga qizilmiya ildizini yetishtirishi uchun Beruniy tumani hududidan 150 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Gap kelganda aytib o‘tish o‘rinli. O‘zbekistonda “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish hamon paysalga solinmoqda. Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining QALAMPIR.UZ'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida Prezident Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Shu-shu, bu qonundan darak yo‘q. Ushbu qonunning qabul qilinmasligi esa mamlakatda amaldorlar, davlat xizmatchilarining poraxo‘rligiga yanada keng imkoniyatlar ochib bermoqda.
“Farhod” bozoridagi jinoiy guruh qo‘lga tushdi
Har bir hududdagi ma’lum bir bozorlar borki, masalan Toshkentdagi “Malika” maishiy texnikalar bozori, Farhod avtomobil ehtiyot qismlari bozori – ularda ruschasiga aytganda, o‘zicha “shustriy” – quv sotuvchilar, dallollar kam emas. Masalan “Farhod” bozoriga oddiygina avtomobil ruli g‘ilofini almashtirish uchun borib qolsangiz, biryo‘la rulingizni buzuqqa chiqarib, butun boshli qusursiz ishlab turgan rulingizni tagi bilan o‘zgartirib berishni taklif qiladiganlar, rozi bo‘lmaganingiz taqdirda, hijolatga qo‘yib, bunga majbur qiladiganlar ham topiladi. Tugayotgan haftada “Farhod” bozorida ana shunday 12 nafar “bozor ko‘rgan yigitlar” qo‘lga olindi.
DXX Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi. Gap shundaki, jinoiy guruh a’zolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 dollar bo‘lishiga qaramay, fuqarodan 13 ming 300 dollarni tovlamachilik yo‘li bilan undirgan. O‘z haqqini talab qilgan mijozga ular qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilgan.
Yana shunga o‘xshash holatda esa jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan uch barobar qimmat narxda pul talab qilgan. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 million so‘m undirgan.
Kamiga, qonunbuzarlar yana 2 fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 million so‘m miqdorida pul olib, va’da qilingan ishni bajarmagan.
DXX tomonidan 12 nafar shaxs qo‘lga olinib, hozirda uning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida guruh a’zolarining boshqa jinoiy harakatlariga va ulardan jabr ko‘rgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jinoiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi 1988-2002 yillar oralig‘ida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Xorazmda voyaga yetmagan qizlar o‘zini uy tomidan tashladi
Xorazm viloyatining Urganch shahrida ikki nafar voyaga yetmagan qiz ko‘p qavatli uy tomidan o‘zini pastga tashlab, joniga qasd qildi.
Bosh prokuraturaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishi, Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB navbatchilik qismiga 7 iyul kuni soat 08:15 da shaharning Nurli hayot ko‘chasida joylashgan yetti qavatli uyning tomidan ikki fuqaro o‘zini-o‘zi pastga tashlab, vafot etgani haqida xabar kelib tushgan.
O‘tkazilgan tekshiruvda o‘z joniga qasd qilgan ikki nafar qizning biri 2009 yilda, ikkinchisi esa 2010 yilda tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
16 yashar qiz rinoplastika operatsiyadan omon chiqmadi
Samarqand shahrida burun operatsiyasiga kirgan 16 yoshli qiz shifoxonada vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga marhumaning onasi ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, joriy yilning 1 iyul kuni 2009 yilda tug‘ilgan qiz nafas olishga qiynalayotgani uchun buvisi bilan viloyat Markaziy shifoxonasiga borgan. Shifokorlar esa uni operatsiya qilish zarurligini aytgan. 3 iyul kuni soat 11:30 larda qiz jarrohlik amaliyotiga olib kirilgan. Marhumaning buvisi o‘sha kuni amaliyot davomida qizdan xabar olish uchun bir necha bor harakat qilgan, biroq nevarasining hali “o‘ziga kelmagani” aytilgan. Marhumaning onasi shifokorlar qizining yuragi operatsiyani ko‘tara olmagini aytganini, lekin farzandining sog‘lom bo‘lganini bildirib, aybdorlarga tegishli chora ko‘rilishini so‘ramoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz chet eldagi xorijiy universitetda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lgan. Ta’til vaqtida buvisinikiga kelgan. Voqea sodir bo‘lgan payt uning ota-onasi ham xorijda bo‘lgan.
Samarqand viloyati prokuraturasiga ko‘ra, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlarini to‘la va xolisona olib borishni ta’minlash maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Holat bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik ayol Turkiyada o‘ldirib ketildi
Turkiyaning Aydin viloyatida joylashgan restoranda ofitsiantlik qilib kelgan 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi otishma oqibatida bosh qismidan og‘ir jarohat olib, voqea joyida vafot etdi. Holat joriy yilning 5 iyul kuni sodir bo‘lgan. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonlik ayol o‘limini tasdiqladi.
Mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotgan 5 nafar shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, vafot etgan ayolning jasadini O‘zbekistonga yuborish, shuningdek uning yaqinlariga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha Bosh konsulxona hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonlik migrantlarning xorijiy mamlakatlarda jinoyat qurboni bo‘lishi yoki turli baxtsiz hodisalar sabab vafot etishi holatlari bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga kelib tushadigan ayrim murojaatlarda, qurbonlar va jarohatlanganlarning oilalari rasmiy idoralar o‘z bayonotlarida e’lon qilganlaridek qurbonlarni O‘zbekistonga jo‘natish bo‘yicha yordam ko‘rsatmayotgani, jasadlarni yuborish uchun pul topish marhumlarning yaqinlari, uni-tanigan bilganlar zimmasida qolib ketayotgani, konsullik va elchixona nari borsa hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish bilan cheklanayotganini da’vo qiladi.
Boshqa murojaatlarda esa xorijiy mamlakatlar, jumladan Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Koreyada jinoyat qurboni bo‘layotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoiy jazoning muqarrarligi va odil sudlovni ta’minlash darajasi sust. Xorijiy mamlakatlar, xususan Turkiyada qurbon bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlarning O‘zbekistonda qolayotgan oilalari marhum qarindoshlarining huquqlarini tiklashda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari va chet mamlakatlardagi O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalaridan yordam ololmayotganidan yozg‘iradi.
Shu o‘rinda o‘zimiz bilgan va QALAMPIR.UZ’da ko‘plab surishtiruvlarga sabab bo‘lgan misolga to‘xtalaylik. 2019 yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik Nodira Qodirova Turkiyaning Anqara shahrida “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan deputat Shirin Unalning uyida o‘lik holatda topildi. Uning uydagi to‘pponcha bilan o‘z joniga qasd qilgani iddao qilindi. Ammo Qodirovaning yaqin qarindoshlari, xususan Turkiyada bo‘lib turgan akasi, dugonasi Nodira Nodira Qodirova deputat tomonidan shilqimlik qurboni bo‘lganini da’vo qildi. Turkiyada qator faollar, jamoatchilik orasida, hatto, parlamentda kun tartibiga chiqqan ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston rasmiylari miq etgani yo‘q. Marhumaning huquqlarini tiklash, aybdorlarni topish va jazolash masalasi faqat Turkiya huquq-tartibot organlari tomonidan amalga oshirildi. Bunda ikki mamlakat huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikdan kelib chiqqan holda qo‘shma harakatlar olib borilgani yo yo‘qligi, QALAMPIR.UZ’ga ma’lum emas. Turkiya sud-tibbiyot ekspertizasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qodirova to‘pponchadan o‘q uzilishi sabab vafot etgan. Uning oila a’zolari esa Nodira o‘zini o‘ldirmagani, aksincha, qotillik qurboni bo‘lganiga ishonadi.
Live
Barchasi