Propiska ochilgandan keyin Toshkentdan qancha uy sotib olindi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingach, 2020 yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskasi bo‘lmagan fuqarolar ham ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu imkoniyatdan o‘tgan 70 kunda foydalangan fuqarorlar Toshkent shahridan 12 799 ta, Toshkent viloyatidan esa 2 052 ta uy-joy oldi-sotdi bitimlarini notarial idoralarda rasmiylashtirishdi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etish kerakki, notarial idoralar tomonidan ushbu davrda bu hududlarda jami rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi bitimlarining deyarli 70 foizini aynan, propiskasi boshqa hududlarda bo‘lgan fuqarolar ishtirokidagi bitimlarga to‘g‘ri keladi.

20 yildan ortiq amalda bo‘lgan, Toshkentdan uy sotib olishdagi to‘siqlarning olib tashlanishi fuqarolarning uy-joyga ega bo‘lishida yuzaga kelgan turli muammolarini ham barham topishiga xizmat qildi. 

Xususan, ko‘plab fuqarolar uyni Toshkentda propiskasi bo‘lgan tanishi nomiga rasmiylashtirib, keyin “o‘z uyida ijarachi” bo‘lib yashashga majbur bo‘lganligi ham sir emas. Farmon qabul qilinishi bilan yaratilgan imkoniyatdan birinchi navbatda shunday fuqarolar foydalanib, uylarini o‘z nomiga rasmiylashtirishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran 15 kun ichida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (MvaFRB), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishlari shart (hozir 10 kun muddatda).


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent propiska

Baholaganlar

261

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing