Lola Rahimova va Miraliyevlar ishi: sudda Oybek Miraliyev ham qatnashmoqda

Jamiyat

image

Bir necha xaftadan beri davom etayotgan Eldor Miraliyev bilan Lola Rahimova va boshqa jabrlanuvchilar ishida taraflar ko‘rsatma bergan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining ajrimi bilan aka-uka Oybek va Eldor Miraliyevlar ishi birlashtirilgan edi.  

Aka-uka Miraliyevlar ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi joriy yilning 27 fevral kuni o‘tkazildi va unda jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari boshidan tinglandi. Jabrlanuvchi va guvohlar ko‘rsatma berishidan oldin ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Shuningdek, agar yolg‘on ko‘rsatma berilsa, Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari bilan javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi. 

Sud majlisida aka-uka Miraliyevlardan aybiga iqrorlik masalasida savol berildi. Oybek Miraliyev va Eldor Miraliyev ham ayb qilmaganini, qonun doirasida ishlaganini ta’kidlashdi. 

Jabrlanuvchi A.Sh. ko‘rsatma berdi. Ayblov xulosasiga ko‘ra ushbu shaxs, Miraliyevlarning qurboni bo‘lgan. Uning avtomobilini aka-uka Miraliyevlar tortib olgan deya Eldor Miraliyevga nisbatan JKning 166-moddasi (talonchilik) aybi qo‘yilgan.   

A.Sh. esa sudda aka-uka Miraliyevlardan shikoyati yo‘q ekani va ularni tanimasligini ma’lum qildi.  

“Bularga qanday shikoyatim bo‘ladi? Axir, ularni tanimayman-ku. Avtomobil do‘konim bor. Rossiyada Kalashnikov degan biznes hamkorim bilan “inomarka” avtomobillar olib kelib sotamiz. Menga Jahongir degan odam mashina buyurtma qildi. Unda ham mashinani o‘zimning nomimga hujjatlashtirishga kelishdik. Mashina mening nomimda bo‘lgani uchun bemalol yuraverdim. 

Prokuraturaga chaqirishganda, bir guvoh sifatida ko‘rsatma bersam kerak deb o‘ylagandim. Ikkinchi marta chaqirishganda meni jabrlanuvchi deb belgilashganini bilib qoldim. Men jabrlanuvchi emasligimni aytganman. Mashinani olganman, o‘zimda turgan bo‘lsa, nega da’vo qilaman? Mening da’voim yo‘q”, deydi A.Sh.

Shundan so‘ng, yana bir jabrlanuvchi Sh.A. sud majlisida ko‘rsatma berdi. U o‘zining da’vosi 195 ming AQSH dollari bo‘yicha ekani haqida gapirdi. Sh.A. R.I. orqali Miraliyevlarga 300 ming AQSH dollarini bergani, har 45 kunda 15 ming AQSH dollaridan pul olib turishga kelishganini da’vo qilmoqda. Uning ko‘rsatmalarini Oybek va Eldor Miraliyevlar tasdiqlamadi. 

“Jasliq”ning sobiq mahbusi yana sudga keldi?

Keyingi sud majlisi kecha, 2 mart kuni o‘tkazildi. O‘tgan safargi sud majlisida jabrlanuvchi Lola Rahimovaning nomidan “Jasliq” koloniyasining sobiq mahbusi ko‘rsatma bergani, biroq sudda raislik qiluvchi uning ko‘rsatmasi jabrlanuvchi sifatida inobatga olinmasligini aytgani haqida xabar bergan edik. O‘sha kungi sud majlisiga Lola Rahimova kelgan, biroq ko‘rsatma berishga ulgurmagan edi. 

2 mart  kuni o‘tgan sud majlisida yana Lola Rahimova ishtirok etmadi, ammo o‘tgan safar Rahimovaning nomidan ko‘rsatma berishga uringan “Jasliq”ning sobiq mahbusi Q.G‘. ham sudda hozir bo‘ldi. U bu safar qayta tinglandi. Q.G‘. o‘zining Virjiniya orolidagi offshor zonasidagi kompaniyaning O‘zbekistondagi filiali ta’sischisi ekanini aytdi. 

Advokatlar va ayblanuvchilar Q.G‘.ga “Jasliq” koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan davrida firmalarni qanday nazorat qilgani bilan bog‘liq savollar berishdi. Sobiq mahbus o‘zining umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar bo‘limida bo‘lgani, tashqi dunyodan butunlay uzilgani, faqat xaftada bir marta xat yozish huquqi berilganini ma’lum qildi. 

Majlis so‘ngida Lola Rahimovaning haydovchisi ham guvoh sifatida taklif qilindi. Sudga bu shaxsning taklif etilgani boisi, nizolashilayotgan mashinani aynan shu inson boshqargan. Ma’lum vaqt o‘tib, Eldor Miraliyev va Jahongir ismli shaxs mashinani undan olib ketishgan.

Mazkur guvohning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, Mercedes-Maybach’ni “GAI”ga olib ketayotgan vaqtida Eldor Miraliyev va Jahongir ismli yigit kelib, mashina ularga tegishli ekanini aytib, tasdiqlovchi xujjatlarni ko‘rsatishgan. Haydovchi mashinani xujjatdagi egalari olib ketgan, shu sababli qarshilik ko‘rsatmagan.

Raislik qiluvchi boshqa shaxslarni ham ko‘rsatmalari tinglanishi sababli sud majlisini 5 mart, payshanba kuniga qadar qoldirdi. 

Ish: Oybek Miraliyevga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot xodimlari tomonidan ushlangan.

Eldor Miraliyevga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, E.Miraliyev firibgarlik asosida 2 milliard 331 million 125 ming so‘m (500 ming AQSH dollari) va talonchilik yo‘li bilan 1 milliard 195 million 3 ming 600 so‘m (140 ming AQSH dollari) miqdorida mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan ushbu holat ayblov xulosasi asosida sudga taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

G'ofur Rahimov Lola Rahimova Miralievlar ishi

Baholaganlar

220

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing