Prokuraturalarda yangi prokuror-kriminalist lavozimi joriy etiladi
Jamiyat
−
11 avgust 2020
12551O‘zbekistonda tergov sohasida kadrlar tayyorlovchi yangi oliy ta’lim muassasasi ish boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Farmonda qayd etilishicha, bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishi kerak.
Ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etiladi.
Uch oy muddatda Davlat byudjeti parametrlarida prokuratura organlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan prokuror-kriminalistlarni zamonaviy maxsus jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot berib boradi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritishi lozim.