Prokuratura o‘quvchi ustunga tegib vafot etganini aytmoqda

3-sahifa

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ dagi manbasiga tayanib, Toshkent shahrida 8-sinf o‘quvchisi ochiq turgan elektr toki simiga tegib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar bergandi. Keyinroq, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bola tok urishi oqibatida halok bo‘lganini rad etib, o‘quvchi hushidan ketib vafot etganini ma’lum qildi. 

QALAMPIR.UZ jurnalisti esa voqea joyiga chiqib, holatni o‘rgandi. Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tergovchisi Murod Nuraliyevga ko‘ra, bola elektr simi ulangan ustunga tekkandan keyin vafot etgan. 

Gap shundaki, maktabning futbol stadioni yonidagi yoritgichning elektr simlari ochiq qolgan. Ushbu simlar faqatgina plastik idishlar bilan o‘rab qo‘yilgan. Bola shu ustunga qo‘li bilan tekkan.  

Shuningdek, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, maktabda bunday holatlar avval ham yuz bergan. Maktabdagi bir o‘quvchining QALAMPIR.UZ jurnalistiga aytishicha, uning sinfdoshi bilan ham oldin shunday voqea sodir bo‘lgan. O‘quvchi sinfdoshi hozirda shifoxonadaligini bildirdi.

Murod Nuraliyevning ma’lum qilishicha, hozirda holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Sud-tibbiy ekspertizasidan keyin holatga aniqlik kiritiladi.

Voqea sodir bo‘lgan joy tegishli mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, ustun muhrlangan.

Avvalroq esa boshqarma surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytib turib ham bolaning vafotini uning hushidan ketgani bilan bog‘lab, voqeaga elektr toki sabab bo‘lganini rad etgan. Eng qizig‘i, buni hech qanday shaklda dalillamagan, qolaversa, hali sud-tibbiy ekspertizasi xulosalari ham yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

o'quvchi Prokuratura

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing