Prokuratura Xorazmda 20 mlrdli tender viloyat “zamhokim”ining ukasiga berilganini tekshirdi
Jamiyat
−
03 dekabr 2021
15947Avvalroq Xorazmda 20,4 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasi rahbarligidagi kompaniyaga topshirilgani haqida xabar bergan edik. Viloyat prokuraturasi mazkur tender bo‘yicha tekshiruv o‘tkazib, natijalarini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning 11 fevralida “Xorazm invest xolding” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a, v” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov davomida, Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi yuzasidan o‘tkazilgan tenderda Xorazm viloyati hokimining kapital qurilish kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Qurbonov raislik qilganligi va tender natijasi bo‘yicha uning ukasi U.Qurbonovga tegishli bo‘lgan “Bunyodkor” MCHJ g‘olib bo‘lgani tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining buyurtmasi asosida Qurilish vazirligining Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting markazi tomonidan o‘tkazilgan, boshlang‘ich narxi 20 mlrd 380,6 mln so‘m bo‘lgan Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Bunyodkor” MCHJ, “Urganch qurilish beton” MCHJ va “Irdimzon qurilish” xususiy korxonasi tomonidan ofertalar taqdim qilingan. O‘tgan yil 23 iyundagi tender g‘olibini aniqlash natijalariga ko‘ra, “Bunyodkor” MCHJ 20 mlrd 180,6 mln so‘m taklif qilgan holda 100 ball to‘plab, tender g‘olibi bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu tender jarayonida komissiya raisi B.Qurbonov xizmat safarida bo‘lgani sababli ishtirok qilmagani hamda “Bunyodkor” MCHJ nomidan jamiyat vakili B.Saidov ishonchnoma asosida qatnashgani aniqlangan.
Bundan tashqari, tender hujjatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tender qonuniy o‘tkazilgani, tender xujjatlarini baholash to‘g‘ri amalga oshirilgani, shu sababli tender savdosini noqonuniy o‘tkazilgan deb hisoblash mumkin emasligi haqida xulosa taqdim qilingan.
Shunga ko‘ra, “Bunyodkor” MCHJning Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender savdolari g‘olibi bo‘lganligi holatida biron-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli, jinoyat ishining viloyat hokimi o‘rinbosari B.Qurbonov va “Bunyodkor” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan bir qismi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.
Prokuratura bayonotida shuningdek, tender natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hamda Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting Markaziga taqdimnomalar kiritilgani qayd etilgan.
LiveBarchasi