Prokuratura xodimi 9 ming bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
02 mart 7547 1 daqiqa
Namangan viloyatining Namangan shahrida Toshkent viloyati prokuraturasining devonxona noziri 9 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati prokuraturasining devonxona noziri O‘rtachirchiq tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha aniqlangan 276 mln so‘mlik jarimani vakolatli tanishlari orqali bartaraf etib berish va unga nisbatan chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga 9 ming AQSH dollari talab qilgan.
Shuningdek, devonxona noziri Namangan shahridagi nufuzli oliygohda o‘qiyotganligi bois, talab etilgan pulni shu joyga olib kelib berishni so‘ragan.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 9 ming AQSH dollarini Namangan viloyatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan ushbu shaxs va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, devonxona noziriga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Uchtepa tumanining prokuror yordamchisi pora bilan qo‘lgan tushganligi haqida xabar berilgandi.