Prokuratura ishni imi-jimida “yopdi-yopdi” qiladi – OAV

Jamiyat

image
Deputat o‘ta himoyalangan, prokuratura esa marhumaning nomini bulg‘ayapti – Qodirovaning advokati north_east

Deputat o‘ta himoyalangan, prokuratura esa marhumaning nomini bulg‘ayapti – Qodirovaning advokati

Turkiyaning Odatv.com internet nashri “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida o‘zini o‘ldirgan o‘zbekistonlik Nodira Qodirova haqidagi maqolasida mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari va rasmiylarni aybladi. 

“Agar bu voqea boshqa mamlakatda sodir bo‘lganda edi, shubhasiz kun tartibiga chiqar edi. Biroq, mutasaddilar va telekanallar, gazeta va internet saytlar "tilini tishlab" o‘tiribdi. Voqeadan bir kun o‘tib, politsiya qiz o‘z joniga qasd qilganini ochiqladi. Uyning egasi Shirin Unal esa biron-bir fikr bildirmadi. Prokuratura tergov jarayoni bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermadi”, deydi muallif. 

Saytda yozilishicha, nafaqadagi general Shirin Unal Turkiya Qurolli kuchlarida ishlagan kezlari ham unga tajovuz qilish aybi qo‘yilgan va u nafaqaga chiqarilgan. Muallif Nodira Qodirovaning Shirin Unalning uyida maxsus ruxsatnomasiz ishlagani, sud-tibbiy ekspertizasi ham judla tez o‘tkazilgani va uning jasadi zudlik bilan O‘zbekistonga yuborilganiga shubha bilan qaraydi. 

“Prokuratura deputat bo‘lgani uchun Shirin Unalni hali ham so‘roqqa chaqirmagan. Lekin Unalning gaplari prokuraturanikiga qarshi bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Unal voqea yuz bergan kuni uyiga kelgan prokuratura xodimiga voqeani aytib berishni istagan va hammasini gapirib bergan”, deb yozadi nashr. 

Xo‘sh, u nimalarni aytgan?

“Nodira o‘z qizimizdek edi. So‘nggi 2-3 oyda uning harakatlarida o‘zgarishlar seza boshladik. U goh kulib, goh yig‘lardi. Natijada biz uni doktorga olib bordik va psixologik muolajalar boshlatdik”, deydi Unal. 

Ma’lumki, 23 yashar Nodira Qodirova o‘zini deputat Shirin Unalning to‘pponchasi bilan otib qo‘ygan. Bu voqea qanday yuz berdi? To‘pponcha qanday qilib Qodirovaning qo‘liga tushib qoldi. Bu haqda Unal shunday deydi:

“Yotoqxonadagi shkaf tortmasida to‘pponchaning yo‘qligini sezgach, to‘pponchamni ko‘rmadingmi, deb qizimdan so‘radim. Qizim ko‘rmaganini aytgach, u bilan birga Nodiraning xonasiga bordik va Nodiradan to‘pponchani ko‘rdingmi deb so‘radik. Xatti-harakatlarida g‘alati bo‘lgan Nodira birdan xonasidagi shkaflar tortmalarini ochib, “mana, qarang, sizning narsalaringizni men nima qilaman”, deb baqirdi. Shundan keyin qo‘liga telefonini oldi va “Hozir akangga qo‘ng‘iroq qilaman, hammasini akangga aytasan”, deb pastki qavatga tushib ketdim. Bu orada u qizimni tashqariga itarib yuborgan va eshikni ichkaridan qulflagan. Qizim “Dada, tez keling, tez”, deb baqirganda otilib yuqori qavatga chiqdim. O‘sha vaqt o‘q ovozi eshitildi. Eshikni sindirishga harakat qildik. Natija bo‘lmagach, politsiyaga qo‘ng‘iroq qildik. Zudlik bilan yetib kelgan politsiya xodimlari eshikni sindirdi. O‘sha vaqtda Nodiraning joni uzilmagan edi, uni o‘sha zahoti shifoxonaga olib bordik”.

Shirin Unal shu kuni politsiya bilan birgalikda Nodira Qodirovaning xonasiga kirgan va Qodirovaning xonasida 3 ta to‘pponcha topilgan. 

“Biz Nodiraning akasi bilan hech qanday tushunmovchilik va janjalsiz xayrlashdik. Keyin u nega OAVga bunday gaplarni aytganini bilmayman. Uning dugonasi Layloni esa tanimayman”, deydi Unal. 

Tahririyat quyidagilarni qo‘shimcha qiladi: Unal bularni prokuraturadagi so‘roq jarayonida aytdimi yoki yo‘q, bunisi bizga qorong‘u. Nodira Qodirova Shirin Unalga bolalik yillari og‘ir kechgani, otasidan zulm ko‘rganini aytgan. “Maoshini oilasiga yuborgani sabab kundalik chiqimlari uchun alohida pul berar edik. Uning o‘qishni istayotganini bilgach, yordam berishga qaror qilgandik”, deydi Unal. 

Har kuni 23 yashar qizning o‘limi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar kun tartibiga chiqib turgan vaqtda bu ishning imi-jimida hal etilishi va hammasi “yopdi-yopdi” qilinishi ehtimoli ortib bormoqda. 9 kun o‘tdi. Shirin Unal sukut saqlamoqda. Politsiya va prokuratura surishtiruvlar qanday o‘tayotgani, ishga doir hujjatlar haqida rasmiy ma’lumotlar berishga ehtiyoj sezmayapti, deb yozadi nashr.


Maqola muallifi

Teglar

Prokuratura Nodira Qodirova

Baholaganlar

202

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing