Profilaktika inspektori va uning yordamchisi haydovchini urgani borasida IIV ma’lumot berdi
Jamiyat
−
11 iyul 2019
5677Bir qator OAVda Surxondaryoda profilaktika inspektori va unga yordamchi posbon yuk mashina haydovchisini kaltaklashgani haqida xabarlar e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma’lum qilishicha, OAVda tarqatilgan ma’lumot Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2019 yilning 25 iyun kuni Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasidan tuman IIBga kelib tushgan xabarnomaga ko‘ra, joriy yilning 24 iyun kuni soat 23.20larda Sariosiyo tumani “Marjona” mahallasida yashovchi “To’palang MG Holding” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli “MAN” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Abdusalom Nurovni “Chilonzor” mahallasi profilaktika inspektori Ishmurzayev Quvondiq urib tan jarohati yetkazilganligi bildirilgan.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Sariosiyo tumani IIB Navbatchilik qismida qayd etilgan.
"Haydovchi Abdusalom Nurov va profilaktika inspektori Quvondiq Ishmurzayevlarning ko‘rsatmalarida qarama-qarshiliklar hamda amaldagi qonunchilikka asosan ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilishini inobatga olib, barcha materiallar tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun Sariosiyo tumani prokuraturasiga yuborilgan", deyiladi IIV xabarnomasida.
LiveBarchasi