Prilepinning gaplari Rossiya pozitsiyasini anglatmaydi – Elchi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatning deyarli barcha yo‘nalishlarida izchil rivojlanib bormoqda, mamlakatlarni har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari birlashtirib turadi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov ma’lum qildi. 

“Rossiya va O‘zbekistonni nafaqat ko‘p asrlik tarix, madaniy-ma’naviy qadriyatlar, balki har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ham birlashtirib turadi. Buni yaqinda mamlakatlarimiz prezidentlari joriy yil oktyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana bir bor tasdiqladilar. Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatning deyarli barcha yo‘nalishlarida izchil rivojlanib bormoqda”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi elchixona matbuot xizmati. 

Malginov Rossiya hech qachon O‘zbekistonning davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘ymaganini, rossiyalik yozuvchi, “Adolatli Rossiya – vatanparvarlar – haqiqat uchun” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasiga aloqador emasligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir  deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.

Jamoatchilik orasidagi noroziliklardan so‘ng, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov bugun, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplariga munosabat bildirib, bu Prilepin shaxsiy fikri ekanini, Moskva bilan bog‘liqlik joyi yo‘qligini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Oleg Mal'ginov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing