Prilepin jazolanmaydi – Mironov
Olam
−
23 dekabr 2023
37931Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va o‘z partiyasining hamraisi Zaxar Prilepinga O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqidagi gaplari uchun hech qanday jazo berilmasligini aytdi. Bu haqda u SRZPning saylovoldi s’ezdi chog‘ida aytib o‘tdi.
“Zaxar Prilepin yozuvchi, bu uning his-tuyg‘ulari. Sovet Ittifoqini sog‘inishi aniq. O‘zbekiston bundan tashvishga tushgani va hatto Tashqi ishlar vazirligimiz munosabat bildirganidan hayron bo‘ldim. Men bunga unchalik ahamiyat bermagan bo‘lardim. Uning jazolanishi mumkin emas”, deydi partiya raisi Mironov.
Sergey Mironov Prilepinning so‘zlari uning yozuvchi sifatidagi shaxsiy fikri ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.
Jamoatchilik orasidagi noroziliklardan so‘ng, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplariga munosabat bildirib, bu Prilepin shaxsiy fikri ekanini, Moskva bilan bog‘liqlik joyi yo‘qligini aytdi.