Prigojinning isyonidan oldin AQSH uning rejalari haqida ma’lumotga ega edi – NYT
Olam
−
25 iyun 2023
2359321 iyundayoq milliy xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan AQSH rasmiylarida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin tomonidan Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabali vakillariga qarshi qurolli qo‘zg‘olon tayyorlangani haqida ma’lumot bo‘lgan. Bu haqda kecha, 24 iyun kuni “The New York Times” xabar berdi
Manbaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “Vagner” guruhi rahbari tomonidan qo‘zg‘olon tayyorlanayotgani haqida aniq qachon ma’lumot olgani noma’lum. Biroq 21 iyun kuni razvedka xodimlari Prezident ma’muriyati va AQSH Mudofaa vazirligi vakillari bilan brifinglar o‘tkazgan. Ertasi kuni Qo‘shma Shtatlar razvedka idoralari Prigojinning rejalari haqidagi qo‘shimcha tasdiqni olgan, bir vaqtning o‘zida Kongress rahbarlarining tor doirasi bu ma’lumotlar bilan tanishgan.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, AQSH razvedkasi “Vagner” jangarilarining isyoni qanday oqibatlarga olib kelishini bilmagan. Biroq rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Prigojinning nutqi Rossiya yadro arsenalini nazorat qilishga qanday ta’sir qilishidan xavotirga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab olgandi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini so‘ragan va Moskvagacha borishini bildirdi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli kuchlar harakatini to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi