Prigojinning dafn marosimi bo‘yicha hozircha ma’lumot yo‘q – Peskov
Olam
−
28 avgust 2023
5262Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tver viloyatida aviahalokatga uchragan “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning dafn marosimi qachon va qanday o‘tkazilishi bo‘yicha Kremlda ma’lumot yo‘qligini bildirdi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
“Dafn marosimi haqida hozircha hech qanday ma’lumotga ega emasman, shuning uchun hech narsa deya olmayman. Shubhasiz, qaror qabul qilinishi bilanoq u ommaga e’lon qilinadi. Bunday masalalar hamisha qarindoshlar bilan birgalikda hal etiladi va birinchi navbatda ularning fikriga asoslaniladi”, deydi Peskov.
Prezident matbuot kotibi Yevgeniy Prigojinning dafn marosimi qachon o‘tishi aniqmasligi sababli unda davlat rahbari qatnashishi yoki qatnashmasligi bo‘yicha aniq gap aytolmasligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Peskovdan Vladimir Putin sud-tibbiy ekspertiza natijalari rasmiy e’lon qilinishidan oldin nima uchun biznes-jet bortida halok bo‘lganlarning oilalariga, shu jumladan, Yevgeniy Prigojinning yaqinlariga hamdardlik bildirgani so‘ralgan.
Dmitriy Peskovning aytishicha, tasdiqlar mutlaqo aniq bo‘lgan, chunki Rosaviatsiya tomonidan yo‘lovchilar ro‘yxati e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirgan.
Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.
Kecha, 27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo‘lganini tasdiqladi.
LiveBarchasi