Prigojin 30 mingdan ortiq sobiq mahbus o‘z uyiga qaytganini e’lon qildi
Olam
−
19 iyun 2023
8729“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan 30 mingdan ortiq sobiq mahbus Ukrainadagi urushda qatnashib, o‘z uyiga qaytgani aytildi. Bu haqda kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati e’lon qildi.
“2023 yil 18 iyun holatiga ko‘ra, muqaddam sudlangan va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi safida (tan olinmagan) LXR va DXR hududidagi “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashgan 32 ming kishi shartnoma muddati tugagandan so‘ng uylariga jo‘nab ketdi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, uyiga qaytganlarning 0,25 foizi (ya’ni 83 kishi) jinoyat sodir etgan. Prigojinning da’vo qilishicha, mazkur raqam “Vagner” bilan shartnoma tuzmasdan ozod qilinganlar orasidagi ko‘rsatkichga qaraganda 80 baravar kam.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning may oyida Prigojin “Vagner”ga 50 000 mahbus yollangani, ularning 20 foizi (10 000) vafot etganini bildirgan. U joriy yilning yanvar oyida xususiy harbiy kompaniya mahkumlarning birinchi guruhlari afv etilishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Rossiya-Ukraina urushida “Vagner” safida jang qilgan 2 o‘zbekistonlikning jasadi Samarqandda dafn etilgan edi. Ular dastlab Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida ketib, so‘ngra qamoqqa tushgan. Shundan so‘ng ular urushga safarbar qilingan. May oyida esa Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketib, Ukraina urushiga safarbar qilingan yana bir o‘zbekistonlik yigitning jasadi Namanganga qaytarilgandi.
LiveBarchasi