Putin Prigojinga suiqasd qilishi mumkin emas – Lukashenko
Olam
−
25 avgust 2023
7318“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin hech qachon Belarus rahbariyatidan xavfsizlik kafolatlarini so‘ramagan. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
"Bu savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bersam, men Prigojinning xavfsizligini ta’minlashim shart emas edi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, hech qachon bunday tusda suhbat bo‘lmagan”, degan Aleksandr Lukashenko.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik masalalari ikki marta muhokama qilingan. Birinchi marta “Vagner” jangchilarining Moskva tarafga yurishi paytida Prigojin va Lukashenko telefonda gaplashganida, ikkinchi marta esa Prigojin “Vagner” qo‘mondoni Dmitriy Utkin bilan Lukashenkoning uyiga kelganida...
Shuningdek, Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vagner” asoschisi samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqea ortida turolmaganini ta’kidlagan. Uning fikricha, hozir ko‘pchilik Yevgeniy Prigojin samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni Putinning zimmasiga yuklashga urinmoqda. Ammo, siyosatchiga ko‘ra, Rossiya rahbarining bunga mutlaqo aloqasi yo‘q.
“Buni kim qilganini ayta olmayman. Men hatto katta akam uchun ham advokat bo‘lmayman. Lekin men Putinni bilaman. U ehtiyotkor, juda xotirjam va hatto yuvosh odam. Shuning uchun men buni Putin qilganini, u aybdor ekanligini tasavvur qila olmayman”, degan Lukashenko.
Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. Kecha, 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirdi. Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.
LiveBarchasi