Biz urushga tayyorlanyapmiz – Lukashenko
Olam
−
19:49 930 2 daqiqa
Belarus urushga tayyorlanyapti, ammo uni har tomonlama oldini olishga harakat qilmoqda. Bu haqda mamlakat rezidenti Aleksandr Lukashenko bugun, 22 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Lukashenko Rossiya Minskning Ittifoq davlati chegaralarini qo‘riqlash bo‘yicha majburiyatlari yuzasidan xavotirlanmasligini aytgan. Shuningdek, Belarus armiyasining tayyorgarligi tashqi tomondan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy tajovuzning oldini olishga yo‘naltirilganini bildirgan.
“Biz urushga tayyorlanyapmiz, ammo uni har tomonlama oldini olishga harakat qilyapmiz. U na bizga, na sizga kerak. Lekin urush yuz bermasligi uchun unga tayyor bo‘lish kerak. Shu sababli g‘arbiy yo‘nalishdagi qo‘shma guruhimiz doimo zarur bo‘ladi. Bugun u jangovar shay holatda“, deydi Aleksandr Lukashenko.
Shuningdek, u ittifoq davlati perimetri hamda Ukraina va G‘arb mamlakatlari bilan chegaralar bo‘ylab turli texnik vositalar yordamida nazoratni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirgan.
“Ukrainadagi mojaro hisobga olinsa, sizlarda radiolokatsiya stansiyalari va shunga o‘xshash vositalar juda rivojlangan. Prezident Putin bilan yaqinda uchrashganimizda bu mavzuni muhokama qilgan edik. U yaxshi ish qildi, yordam berishga va’da berdi. Bu narsalar bizga zarurligini ko‘rib turibmiz va chegara bo‘ylab butun hududni nazorat qilamiz”, degan Lukashenko.
Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xreninning aytishicha, “Ittifoq qalqoni – 2027” harbiy mashg‘ulotlari davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini birgalikda himoya qilishdagi qat’iyat va qobiliyatni namoyish etish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi va mashqlar faqat mudofaa xarakterida o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Rossiya Mudofaa vaziri xalqaro kun tartibining yomonlashayotgani haqida bayonot bergan.
“Xalqaro vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. U hamon murakkab. Vaziyat nafaqat murakkab, balki tobora oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib bormoqda”, deydi Belousov.
Shuningdek, u NATO mamlakatlari o‘z harbiy ishtirokini mamlakatlar chegaralari yaqinida kuchaytirayotganini ma’lum qilgan. Andrey Belousovning aytishicha, 2027 yilda alyans sharqiy qanotdagi sakkizta ko‘p millatli batalon-taktik guruhni brigada darajasiga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, alyans Rossiya Federatsiyasi va Belarusga qarshi hujumkor ssenariylarni mashq qilishga qaratilgan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
“Bularning barchasi harbiy-siyosiy vaziyatdagi o‘zgarishlarga o‘z vaqtida javob qaytarishni, xavfsizlikni ta’minlashdagi hamkorlikni mustahkamlashni va uning harbiy salohiyatini oshirishni talab qiladi. Shu maqsadda qurolli kuchlardan birgalikda foydalanish yondashuvlarini takomillashtirmoqdamiz”, deya izohlagan Belousov Moskva va Minsk o‘rtasidagi harbiy hamkorlik zaruratini.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aleksandr Lukashenko kenja o‘g‘li Nikolay mamlakat armiyasida harbiy xizmatni o‘tayotganini aytgan edi.
Jasmina Murtazoyeva
Live
Barchasi