Lukashenko o‘zbekistonliklarni Belarusga ishga jalb etish tartibini tushuntirdi

Jamiyat

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatga mehnat migrantlarini jalb etish tartibi va ularga qo‘yiladigan talablarni ochiqladi. Bu haqda BelTA xabar berdi.

Lukashenko ushbu masala yaqinda Belarusga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham muhokama qilinganini eslatgan.

“Bu, ayniqsa, ayrim hududlarimiz uchun muhim. U yerda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash kerak. Chet davlatlardan ishchi kuchini taklif qilish bo‘yicha tizim ishlab chiqish haqida qaror qabul qilindi. Ukrainaliklar ketdi, ko‘plab rossiyaliklar bizga ishlash uchun kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev bilan ham muzokaralar o‘tkazdik. O‘zbekistonda odamlarni ish bilan ta’minlash muammosi bor. Men unga taklif berdim. Bizda tizim mavjud: avvalo elchixona dastlabki bosqichda kimni qabul qilish mumkin, kimni mumkin emasligini aniqlaydi. Shundan so‘ng, korxona rahbari o‘ziga qaysi mutaxassisliklar bo‘yicha qancha odam kerakligini belgilaydi hamda o‘zi tanlaydi”, degan u.

Belarus Prezidenti yaqin vaqt ichida 200 nafarga yaqin o‘zbekistonlik Vitebsk viloyatida ishlash uchun kelishga tayyorligini aytgan.

“Hozircha ular Vitebsk viloyatiga keladi. Chunki u yerda odam juda kam. Mogilyov viloyatining janubi-sharqida ham qancha va qanday mutaxassislar kerakligini ko‘rib chiqish lozim. Ularni bitta joyga to‘plamaslik kerak. Ular hududlar bo‘ylab taqsimlanadi. Bizga hamma joyda odam kerak”, degan Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus zarurat tug‘ilganda kelayotgan ishchilarni mamlakatning o‘zida qo‘shimcha kadrlarni tayyorlash va o‘qitishga ham tayyor.

“Albatta, tayyor mutaxassislar bo‘lsa, bundan xursand bo‘lamiz. Ammo imkon qadar oilalari bilan kelganlari ma’qul. Oilali inson keladigan bo‘lsa, bu biz uchun yaxshi”, degan Belarus rahbari.

Shu bilan birga, u mehnat migrantlarini jalb qilish jarayoni Ichki ishlar vazirligi tizimi orqali qat’iy nazorat qilinishi ta’kidlagan.

“Tizim bo‘lishi kerak. Bizda u mavjud va uni men belgilaganman. Ishchini korxona rahbari ishga oladi va uning uchun javobgar bo‘ladi. Tartib bo‘lishi kerak. Hech narsa tartibsiz amalga oshirilmasligi lozim”, degan u.

Lukashenko migrantlar ehtiyojga qarab tanlab olinib, jalb qilinishini qayd etgan.

“Tanlab, aniq maqsad bilan. Bir, ikki, o‘n yoki yigirma kishi. Kimga qancha kerak bo‘lsa, shuncha. Har biri uchun shaxsiy javobgarlik bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Belarus Prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlik faqat mehnat migrantlarini jalb qilish bilan cheklanmasligini ham ta’kidlagan.

“Kelib yerga ishlov beringlar, soliqlarni to‘langlar va biz bu mahsulotni O‘zbekistonga sotamiz. Bu 40 million aholiga ega barqaror va tez o‘sib borayotgan bozor. Shu bilan birga, u yerdan ishchi kuchini ham qabul qilishga tayyormiz. Vitebsk viloyatiga investor izlayapmiz”, degan u.

Belarus Prezidenti Administratsiyasi rahbari Dmitriy Krutoyning aytishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu masalani shaxsan nazorat qiladi.

“Mirziyoyev siz bilan uchrashuvdan keyin bu masalani nazorat qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Belarusga faqat mutaxassislar yuboriladi”, degan Krutoy.

Uning ma’lum qilishicha, ayni paytda Belarusda 7 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning bir qismi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlayotgan bo‘lsa, ko‘pchiligi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Kelgusida ularning ayrimlari Belarusda ishlashni davom ettirishi mumkin.

Lukashenko Belarusda mehnat migrantlarini jalb qilish bo‘yicha ijobiy tajriba mavjudligini aytib, ular uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, uy-joy bilan ta’minlash va Belarus fuqarolari bilan teng huquqlar berish zarurligini ta’kidlagan.

“Faqat kelinglar va ishlanglar”, degan u.

So‘zini yakunlar ekan, Belarus Prezidenti mehnat migrantlarini jalb qilish masalasidan qo‘rqmaslik kerakligini, biroq muxoliflar bu mavzuni doim siyosiy bahsga aylantirishga urinayotganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing