Prezidentning yangi saroyini dubayliklar quryapti. Japarov qirg‘iz ustalaridan nolidi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov uchun qurilayotgan yangi “Oq uy” binosi sentyabr oyida yakunlanadi, oktyabrda esa unda Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Japarov kecha, 18 iyul kuni Transport vazirligiga 265 dona yangi maxsus texnika topshirayotganda ma’lum qildi. 

Uning eslatishicha, buzib tashlangan “Issiqko‘l” mehmonxonasi o‘rnida Hukumat uyining yangi binosi qurilmoqda. 

“Sentyabrgacha qurilishni yakunlash rejamiz bor edi, oktyabrda MDH davlatlarining sammiti bo‘ladi. 12 ta Prezident keladi. Ularni hukumatning yangi binosida kutib olishni mo‘ljallayapmiz”, deydi davlat rahbari. 

Shuningdek, u o‘z nutqida dangasa qirg‘iz ishchilaridan noligan. Hukumat uyi binosi qurilishida dastlab 500 nafar qirg‘izistonlik ishchi ishlagan, biroq ular bilan muammolar yuzaga kelgan.

“Ob’ektda 500 ga yaqin qirg‘izistonlik ishchi ishlagan. Ular kuniga 8 soat o‘rniga 5 soat ishlagan. Shanba kuni, ish kuniga qaramay, ular kelmaydilar, dushanba kuni esa g‘oyib bo‘lishlari mumkin. Ular ishlagan besh soatning bir soati tushlikka, yana bir soati telefonga, bir soati esa chekish uchun tanaffusga ketgan. Chet elliklar bir kunda tugatadigan ishni biz bir haftada bajara olmaymiz”, deya yozg‘irgan Sadir Japarov.

Prezidentning aytishicha, umidsizlik ortidan yangi saroy qurilishiga Dubaydan kelgan 800  nafar ishchini yollashga to‘g‘ri kelgan. 

Bu Qirg‘izistonda hokimiyat vakilining ishchilardan nolishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov yangi “Oq uy” qurilishiga ishchilar yetishmasligidan shikoyat qilgan edi. 

2022 yilning 15 aprelida Bishkekdagi “Issiqko‘l” mehmonxonasi o‘rnida yangi Prezident saroyid qurilishiga start berildi. Binoning umumiy maydoni 21 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ob’ektning qiymati 35 million dollar. Avvaliga ushbu bino qurilishi 2023 yilning 31 avgustigacha tugashi va’da qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing