Prezidentning safari, pulsiz qolayotgan “Andijon”, kechiktirilgan mandat va boshqa xabarlar

Jamiyat

21 avgust kunining eng muhim xabarlari bilan tanishing.

MTRK binosida yirik yong‘in yuz berdi

Bugun, 21 avgust kuni Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko‘chasi 69-uyda joylashgan “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi” binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in soat 01:54 da MTRK joylashgan binoning oshxonasi, yordamchi xonalari va tom qismi 400 kv m maydonida yongan. Yong‘in o‘chirish jangovar bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor chora va harakatlar natijasida yong‘in soat 02:45da qurshab olinib, soat 03:36da o‘chirilgan. Yong‘in joyiga 12 ta yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab nimalar o‘zgaradi?

Joriy yilning 1 sentyabridan O‘zbekistonda qator o‘zgarishlar bo‘ladi. Jumladan, “Temurbeklar maktabi” xodimlari va harbiy xizmatchilarining oylik maoshi oshadi, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari xodimlariga oylik ustama haqi to‘lanadi, davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining maoshi oshiriladi.

O‘qish narxlari: Konservatoriya 7000, pedinstitut 6000

Joriy yilda Turkmanistonda 12 ming 242 talaba universitetlarga qabul qilinadi, ularning 8 ming 54 nafari pullik asosda o‘qiydi. Abituriyentlar o‘qishlari uchun pul to‘lashi kerak. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari yakunlandi. Biroq, Turkmaniston matbuotida o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi e’lonlarda o‘qish narxi ko‘rsatilmagan. 

Nega ularga pul berishim kerak? –hokim “Andijon” klubini tanqid qildi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Andijon” futbol klubining natijalaridan norozi bo‘lib, tanqid qilgani tarqaldi.

Videolavhada Shuhrat Abdurahmonov futbol klubiga katta mablag‘lar ajratilayotganiga qaramay natijalar qoniqarsiz bo‘layotganini tanqid qilgan.

O‘zbekistonda asossiz sarflangan mablag‘lar aniqlanyapti

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida nizom” talablari asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda. 

Prezidentning Qoraqalpog‘istonga safari

Bugun, 21 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga safari davom etdi. Tashrifining ikkinchi kunida davlat rahbari Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda dunyoqarashini o‘zgartirmagan sektor rahbarlari Prezident tanqidiga uchradi. Shuningdek, yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Shundan so‘ng, davlat rahbari Nukusda qurilayotgan Prezident maktabi bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyevning tashrifi Taxiatosh IESini ko‘zdan kechirish bilan yakunlandi. Davlat rahbari poytaxtga qaytib keldi.

Telefon talashgan aka ukasining qotiliga aylandi

Kecha, 20 avgust kuni Olmaliq shahrida o‘zaro janjal natijasida aka ukasining qotiliga aylandi. Olmaliq shahar, Abdulla Qaxxor ko‘chasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. ukasi 2001 yilda tug‘ilgan A.A. bilan uyali telefon apparatini talashib qolib, o‘zaro kelib chiqqan janjal natijasida oshxona pichog‘i bilan ukasining bo‘yin sohasiga bir marotaba sanchib, tan jarohati yetkazgan.

To‘yxonadagi portlash qurbonlari soni 80 nafarga yetdi

Avvalroq, Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida to‘yxonada hudkush terrorchi o‘zini portlatgani haqida xabar bergan edik. Natijada 63 kishi halok bo‘lgandi.

Kobuldagi to‘yxonada yuz bergan portlash qurbonlari soni 80 nafarga yetdi. Afg‘oniston IIV ma’lumotiga ko‘ra, 17 kishi olgan jarohatlari natijasida shifoxonada vafot etgan. 160 nafarga yaqin odam hamon shifoxonada va davolanyapti.

Toshkentda “jinoyat qidiruv xodimi” ushlandi

Joriy yilning 17 iyul kuni Chilonzor tumanida joylashgan oliy ta’lim muassasalarining birining talabasi hisoblangan 25 yoshli Biloliddin O. 29 yoshli Sardor A.ga o‘zini “jinoyat qidiruv xodimi” deb tanishtirgan. Shundan so‘ng, u fuqaroni o‘g‘irlangan buyumlarni sotib olganlikda ayblab, sodir etgan jinoyati uchun ko‘z yumishini va jinoiy javobgarlikka tortmasligi uchun 100 AQSH dollarini so‘ragan.

O‘zgidromet radiatsion bulut masalasiga aniqlik kiritdi

Avvalroq, Rossiyaning shimoliy tumanlaridan O‘zbekiston hududiga radioaktiv bulutlar kirib kelgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Mazkur holat bo‘yicha Gidrometeorologiya xizmati markazi rasmiy ma’lumot berib, vaziyatga aniqlik kiritdi. Rossiyaning Yevropa hududi (Severodvin) shimoliy rayonlaridagi havo oqimlari O‘zbekiston hududiga kirmagan.

Bugun mandat chiqadigan kun edi. Ammo...

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlarining yakuniy natijalari bugun, 21 avgust kuni e’lon qilinishi kerak edi. Bunga test sinovlarining bir kunga surilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov ma’lum qildi, deb xabar berdi QALAMPIR.UZ muxbiri.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing