Prezidentning qizi o‘qituvchilardan tekin xizmatkordek foydalanishga nuqta qo‘yishga chaqirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva mutasaddilardan o‘qituvchilarning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishni so‘radi. Uning hisoblashicha, mamlakatda o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozdi. 

“O‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘ldim. 

Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman.

O‘qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir. 

Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha”, deydi Prezidentning to‘ng‘ich qizi. 

Uning ta’kidlashicha, o‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi. 

U barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilarni dars berishdan boshqa barcha vazifalardan ozod qilinishini so‘ragan.

“Hozir mamlakatimizda ta’lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli  qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero, faqat ta’lim, faqat o‘qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e’zozlashimiz shart!”, degan Mirziyoyeva. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, bloger Nikita Makarenko Toshkentda o‘qituvchilar mikrohudud bo‘yicha maktab yoshiga yetgan bolalarni uyma-uy yurib, ro‘yxatga olishga majburlanayotgani haqida yozgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing