Prezidentimiz san’atkorlarning reklamasiga muhtoj emas – Odiljon Abduqahhorov

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 8 fevral kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bosh direktori Odiljon Abduqahhorov ishtirokida milliy estrada san’ati va uning oldida turgan qator masalalar xususida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Abduqahhorov xonanda Jahongir Poziljonov tomonidan kuylangan va qator bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan “Prezidentim bilan selfi” qo‘shig‘iga nisbatan munosabat bildirdi. 

“Jahongir Poziljonovning “Prezidentim bilan selfi” qo‘shig‘i “Zo‘r” telekanali bilan hamkorlikda tayyorlangan loyiha sifatida efirga berildi. Qo‘shiq “O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashiga topshirilmagan edi. Ommaviy axborot vositalariga ushbu qo‘shiq bo‘yicha surishtiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deb aytgandim. Bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q, qo‘shiq aytsin yo aytmasin demaymiz. Lekin, bir narsani to‘g‘ri tushunaylikki, Prezidentimiz san’atkorlarning reklamasiga muhtoj emas. 

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi, amaliy ishlar natijasida Prezidentimizni bugungi kunda nafaqat Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo tan olyapti. Shaxsan Prezidentimiz faoliyatlarini boshlagan ilk kunlarda aytdilar: bo‘ldi endi, maqtash bo‘lmaydi, endi amaliy ishlarga o‘taylik, shuncha vaqt bir-birimizni maqtab yurdik. Qiladigan ishlarimiz ko‘p, deb bir necha bor ta’kidladilar”. 

Shavkat Mirziyoyev haqida qo‘shiq aytib chiqqan birinchi xonanda Jahongir Poziljonov emas. Bu ishni xonandalardan Dilfuza Ismoilova boshlab bergan edi. U Mirziyoyev Prezidentlikni boshlagan ilk davrlarda davlat rahbariga atab qo‘shiq kuyladi. Biroq, qo‘shiq efir yuzini ko‘rmasdan turib, chiqarilishiga taqiq qo‘yildi. Ammo, “O‘zbekkonsert” Poziljonovning qo‘shig‘ini taqiqlashda biroz fursat kutgandek, “deshevыy piar”ga yo‘l ochib bergandek. 

“Biz hozir Jahongir Poziljonovga indamasak, yaxshi ko‘rinishga harakat qilib, ikkinchisi shunaqa qo‘shiq aytadi, uchinchisi... Qarabsizki, tashqarida tirnoq ichidan kir qidiradigan o‘nlab jurnalistlarimiz nima deydi, Prezident haqida qo‘shiq aytish uchun Hukumat topshiriq berdi degan maqolalar chiqishni boshlaydi. 

Yana bir bor aytaman: Prezidentimiz san’atkorlarning reklamasiga muhtoj emas. Prezidentga yaxshi ko‘rinmoqchi bo‘lsak, Vatan uchun, xalq uchun xizmat qilaylik. Bugun olib borilayotgan islohotlarga o‘zimizning oz bo‘lsa-da hissamizni qo‘shaylik, shunda biz yaxshi ko‘rinamiz. 

Bilasizmi, qonuniy jihatdan yana bir tarafi borki, Prezidentning surati yoki davlat ramzlari bo‘yicha o‘ziga yarasha tartiblar bor. Uni qaysi holatlarda ishlatish mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Bulardan kelib chiqqan holda biz kanal ma’muriyatiga klipni efirdan olib tashlashni tavsiya qildik”, deydi Odiljon Abduqahhorov.
 


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir-Poziljonov O'zbekkontsert

Baholaganlar

418

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing