Prezidentdan “dux” olgani bilan tanilgan Omonboyeva o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarga munosabat bildirdi
3-sahifa
−
19 aprel
71238Avvalroq, Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergandik. QALAMPIR.UZ voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Omonboyeva bilan bog‘landi.
Uning aytishicha, qandaydir tushunmovchilik sodir bo‘lgan. Omonboyeva yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgani haqidagi gaplarni tuhmat deb hisoblashini bildirdi.
“Rahbar bo‘lib ishlash qiyin. Hali men uchun bunaqa zarbalar ko‘p bo‘lsa kerak. Men hammasi bilan kurashaman. Men Prezidentga va’da berganman. Men hech narsadan qaytmayman, faqat xalq uchun, davlat uchun xizmat qilaman”, dedi Merey Omonboyeva QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi esa bugungi kunga qadar palataga huquqni muhofaza qilish organlaridan Omonboyevani ishdan chetlashtirish bo‘yicha talabnoma kelib tushmagani va u Palataning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Palata O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga asosan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishini eslatgan.
Ma’lumot uchun, Merey Omonboyeva 1997 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. U 2020 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Omonboyeva 2024 yil 6 mart kuni Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Tayinlovga qadar Navoiy shahri “Zarafshon” MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlagan.
2021 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan tadbirda Merey Omonboyeva so‘zga chiqib, Prezidentning viloyatga kelganidan “dux” olganini aytgandi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil hadya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Merey Omonboyevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ayni paytda Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotganini bildirdi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr