Merey Omonboyeva sud hukmi bilan jazodan ozod qilindi
3-sahifa
−
30 Oktabr
16509Joriy yilning 2 oktyabr kuni Jinoyat ishlar bo‘yicha Navoiy viloyati Navbahor tumani sudi tomonidan Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida yakuniy sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, Omonboyeva 2022 yilning iyun oyidan 2023 yilning noyabr oyiga qadar Navoiy shahar Zarafshon mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Xizmat mavqeyidan foydalanib, Navoiy shahridagi tadbirkorga o‘zining Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan yaqin munosabatda ekanligini aytib, go‘yoki hokim bilan tanishtirib qo‘yishni va’da qilgan. Sud hujjatida aytilishicha, bu orqali Omonboyeva tadbirkordan shahar hokimi nomidan qarz evaziga pul so‘rab olishni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, Omonboyeva 2022 yil 28 oktyabrdan 2023 yil 5 sentyabrga qadar “S.9.” va “B.I.B.T.F.” MCHJ rahbari M.R.dan jami 80 million so‘m pulni qarz sifatida olgan. Ushbu qarzni qaytarib bermaslik va tadbirkorning boshqa pul mablag‘lariga egalik qilish maqsadida 2023 yilning oktyabr-noyabr oylari davomida unga go‘yoki o‘zini Navoiy shahar hokimi bilan yaqin munosabatda ekani, uning xizmat safari bilan Xitoyga borgan vaqtida Navoiy shahridagi ayrim tadbirkorlardan 50 ming AQSH dollari miqdorida qarz olib ketgani, ushbu qarzdorlik tadbirkorlar tomonidan talab qilinayotganiga ishontirgan. So‘ngra go‘yoki shahar hokimi tomonidan Rahmatovdan moddiy yordam so‘ralgani haqida Telegram orqali yozishmalarni soxtalashtirib, tadbirkorga ko‘rsatgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Omonboyeva bu orqali Rahmatovni Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashevga qarz berishga ko‘ndirgan hamda pulni o‘zi yetkazishi kerakligiga ishontirgan. Tadbirkordan hokimga qarz sifatida berish uchun 2023 yil 1 oktyabrdan o‘sha yilning 18 noyabr kuniga qadar 56 million so‘m va 23 ming AQSH dollari, jami 338 million so‘m miqdoridagi pulni olishga muvaffaq bo‘lgan.
Merey Omonboyeva sud majlisida so‘roq qilinganida aybiga iqrorlik bildirmasdan hokimning o‘zi undan pul so‘ragani, u o‘sha kuni kechqurun tadbirkorga qo‘ng‘iroq qilib, pulni olganini bildirgan. O‘rtalarida kelishmovchilik paydo bo‘lgani sababli tadbirkor suhbat paytida Omonboyevadan qarz sifatida olib ketgan pullarni qaytarishni so‘ragan. Omonboyeva Rahmatovga pullarning orasini ochib berishini aytib, shahar hokimi Ergashevdan bu haqida hech qanday javob bo‘lmaganini ta’kidlagan.
“185 million so‘m pulni shahar hokimi Ergashev uchun qarz sifatida Mehroj akadan olganman. Ergashevdan 185 million so‘m nima maqsadda kerak ekanligini so‘ramaganman. Bundan tashqari, Rahmatov xodimlarini elektrik, mexanik, slesar va boshqa shu kabi sohalarga o‘qitib berishim uchun 80 million so‘m bergan, ammo o‘qitish uchun xodim yubormagan”, degan u.
Sudlanuvchi Omonboyeva tergovda qo‘shimcha gumon qilinuvchi hamda ayblanuvchi sifatida himoyachisi ishtirokida so‘roq qilinganida esa aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
Jabrlanuvchi M.R.ning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2023 yilning dekabr oyi oxirlarida Omonboyeva yana qarz so‘ragan. Shundan so‘ng, Rahmatov Navoiy shahridagi o‘ziga tegishli xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida gaz masalasini bahona qilib, haqiqatan pul mablag‘lari shahar hokimiga berilayotganini bilish uchun Navoiy shahar hokimining qabuliga borgan. Unga dastlab go‘yoki gaz bosimi pasayganligi, shuni ko‘tarishga amaliy yordam berishini aytgan. Gap orasida shahar hokimi Ergashevga “So‘ragan pulingizni kechga Mereyga berib yuboraman” degan. Hokim esa qanday pul ekanligini so‘ragan. M.R. esa unga qarz sifatida 56 million so‘m va 23 ming AQSH dollarini Omonboyeva orqali berganini ma’lum qilgan. Hokim hayron bo‘lib, Omonboyevadan hech qanday pul so‘ramaganini aytgan.
M.R. suddan Omonboyeva unga jami 136 million so‘m va 23 ming AQSH dollari miqdorida zarar yetkazganligini aytib, ushbu mablag‘ni undirib berishni so‘ragan.
Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev ham sudda guvoh sifatida so‘roq qilingan. Hokim o‘z ko‘rsatmasida Merey Omonboyeva va M.R.dan hech qanday pul mablag‘larini biror-bir ishini hal qilib berish yoki qarz sifatida so‘ramagani, ulardan pul olmagani, uning nomidan soxta Telegram akkaunt ochilganini ma’lum qilgan.
Sud hukmi bilan Merey Omonboyeva Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Biroq sud Merey Omonboyeva ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmaganligi, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanayotganligi, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangani, yetkazilgan zarar qoplanganini hisoblab, Jinoyat kodeksining 70-moddasiga (Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish) asosan jazodan ozod qilishni lozim topgan.
QALAMPIR.UZ apellyatsiya shikoyati kiritgan yoki kiritmaganini aniqlashtirish maqsadida Merey Omonboyeva bilan bog‘landi. Uning bizga ma’lum qilishicha, u sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan, lekin unga endi kech bo‘lganini aytishgan. Sud hukmiga ko‘ra, hukm ustidan taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, mahkum va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan e’tiboran shu muddat ichida, shu sud orqali apellyatsiya tartibida Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga shikoyat berish yoki protest bildirishi, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirishi mumkin. Omonboyeva esa holat yuzasidan Oliy sudga murojaat qilganini bildirdi.
Shuningdek, Omonboyeva sud mazkur ish doirasida prokuratura tergovchisiga ham xususiy ajrim chiqarilganini bildirdi.
Bu orada esa ijtimoiy tarmoqlarda ikkinchi tomon, ya’ni tadbirkor M.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a-bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lumot uchun, Merey Omonboyeva 1997 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. U 2020 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Omonboyeva 2024 yil 6 mart kuni Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Tayinlovga qadar Navoiy shahri “Zarafshon” MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlagan.
2021 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan tadbirda Merey Omonboyeva so‘zga chiqib, Prezidentning viloyatga kelganidan “dux” olganini aytgandi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil hadya qilingan.
LiveBarchasi