Prezident yangi qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini imzoladi.

Qonun 14 ta moddadan iborat bo‘lib, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Iktisodiy protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Soliq kodeksi, Bojxona kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”, “Garov to‘g‘risida”, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”, “Bankrotlik to‘g‘risida”, “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritishdagi ishonchini mustahkamlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, garov bozorining shaffofligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, mazkur qonun dolzarb masalalarni yechishga qaratilgan muhim qadam xisoblanadi. Xususan:

Eng ilg‘or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda, mulkni garovga qo‘yish, lizing va majburiyatlarni ta’minlashning boshqa turlarining amaldagi mexanizmlarini takomillashtirish, ta’minotli operatsiyalarda garovga qo‘yilgan mol-mulkka undiruvni qaratishga oid talablarni unifikatsiya qilish orqali kreditorlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi va shu orqali moliya bozorining keskin rivojlanishiga olib keladi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasining “Garov reyestri to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga qo‘shimcha ravishda, garov reyestriga yozuvni kiritish vaqti qarzdorning o‘z majburiyatlarini bajarmagan hollarda va boshqa talablarni qanoatlantirishda qarzdorning mol-mulkiga undiruvni qaratish jarayonidagi navbatni hamda kreditorning boshqa kreditor va uchinchi shaxslardan imtiyozli huquqini belgilash uchun asos bo‘lishiga doir qoidalar kiritilmoqda.

Ayni paytda, garov, lizing, to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va/yoki mulk huquqini bermaslik sharti bilan oldi-sotdi, ijara, topshiriq, vositachilik va ishonchli boshqaruv munosabatlari predmetiga undiruvni qaratish tartibining yagona mexanizmini belgilovchi normalar kiritilmoqda. Mol-mulk u yoki bu bitimda ta’minot predmeti sifatida bo‘lganda, bu ta’minot predmetining garov sifatida qabul qilinishi, ta’minotga nisbatan huquqiy munosabatlardagi funksional yondashuvning asoslarini yaratadi.

Shu bilan birga, garov predmetini umumiy tavsiflash asosida garov hamda u bilan ta’minlanayotgan majburiyatni belgilash, mulkni navbatdagi garovga berish bo‘yicha cheklovlarni bartaraf etish, garovga qo‘yish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda.

Undiruvga qaratish uchun asoslar vujudga kelganda garov predmetiga egalik qilish huquqini kreditorga berish asosida undiruvga qaratish tartibini soddalashtirishga, bu huquqni tezkor ravishda himoya qilish – garov predmetiga undiruvni sud buyrug‘i tartibida qaratishga oid o‘zgartirishlar kiritilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish, ijaraga, lizingga yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa usullar orqali garov predmetini realizatsiya qilish belgilanmoqda.

Mazkur Qonun tadbirkorlik muhitini yaxshilashga, aholi va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda respublikaning halqaro reytingini oshirishga xizmat qiladi.

Natijada:

birinchidan, ko‘char mulklarning ta’minot bozoriga jadal kirib borishi hisobiga tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash uchun sharoit yaratadi;

ikkinchidan, garov reyestri orqali ta’minotlar bozorining shaffofligiga olib keladi va barcha bozor ishtirokchilari o‘z xavf-xatarlarini tug‘ri va oqilona baholashiga yo‘l ochib beradi;

uchinchidan, ko‘char mulklar ishtirokida moliyaviy bozor yanada rivojlanib, unda faqatgina banklar asosiy ishtirokchi sifatida emas, balki boshqa professional ishtirokchilarning paydo bo‘lishiga yordam beradi;

to‘rtinchidan, chet-el investorlari mazkur yaratilayotgan tizim orqali milliy iqtisodiyotga bo‘lgan ishonchi ortib boradi va o‘z biznesini va mahalliy hamkorlar bilan bo‘ladigan munosabatlarda o‘z xatarlarini boshqarish instrumentlari yaratiladi hamda ular investitsiya kiritish bo‘yicha qabul qiladigan qarorlarining muddatlari sezilarli darajada qisqartirilishiga xizmat kiladi;

beshinchidan, ajratiladigan kreditlar, mikrokreditlar va boshqa qarz majburiyatlarining operatsion xarajatlari keskin kamaygan holda kreditlarning risk foizlarining pasayishiga olib keladi.

Shu bilan birga, mazkur Qonun respublikada ishbilarmonlik va investitsion muhitni yaxshilashga xizmat qilib, natijada Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti Kredit olish indeksi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni sezilarli darajada ko‘tarilishiga asos bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun kreditor

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing