Mahkumlar huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun kuchga kirdi
Jamiyat
−
01 Sentabr
6405Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart va mahkumlarga ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazish mumkin emasligi qat’iy belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 28 avgust kuni imzolangan “Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun”da keltirilgan.
Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishiga, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (bolalar ombudsmaniga) hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida o‘tkazilayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi kafolatlanadi.
Agar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar Prezident, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan bo‘lmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, mahkumlar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart. Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay bo‘lgan joyda ombudsmanga murojaatlar qutisi, tarbiya koloniyalarida esa qo‘shimcha ravishda bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi o‘rnatiladi va u faqat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) yoki ularning kotibiyatlari xodimlari tomonidan ochiladi.
LiveBarchasi