Qashqadaryoda tuman hokimlari qabul qilgan 19 ta hujjat qonunga zid ekani aniqlandi
3-sahifa
−
02 avgust
4642Qashqadaryo viloyatidagi 4 ta tuman hokimliklari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarda qonun talablariga zid holatlar aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yilning 6 oyi davomida tuman hokimliklari va davlat boshqaruv organlarining viloyat tarkibiy bo‘linmalarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari yuzasidan jami 10 mingdan ortiq normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.
Mazkur o‘rganishlar jarayonida Nishon, Shahrisabz, G‘uzor va Muborak tuman hokimliklarida 19 ta holatda tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitilishiga olib keluvchi normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlarni qabul qilinishi natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 12, 22-moddalarida belgilangan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shart-sharoitlar yaratish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
“Yuqoridagi o‘rganish natijalariga ko‘ra, 4 ta tuman hokimlarining tegishli qarorlari “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda tuman hokimliklariga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatidagi 10 ta tuman hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani aniqlangandi.
LiveBarchasi