Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi
Jamiyat
−
09 aprel
4156Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqina Ramazon hayiti bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar bo‘lsin! Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul aylasin! Inson qadrini ulug‘laydigan savobli ishlarimiz bardavom bo‘lsin!” deyiladi Prezident tabrigida.
Davlat rahbari islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini urg‘ulagan.
“Muqaddas kitoblarimizda “Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash – chin mo‘minga xos fazilatdir”, deb ta’kidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi”, deydi Mirziyoyev.
Prezident bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lganini aytdi. Bildirilishicha, ko‘makka muhtoj insonlar uchun 20 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan barcha hududlarimizda iftorlik va ehson marosimlari o‘tkazilgan.
“Ayniqsa, 25 mart oqshomida Namanganda Farg‘ona vodiysidagi uchta viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan, butun mamlakatimiz mahallalarini qamrab olgan iftorlik marosimlari ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini bamisoli bir dasturxon atrofida birlashtirib, ushbu oyga xos ezgu fazilatlarning yana bir mujassam ifodasi bo‘ldi”, deyiladi Prezident tabrigida.
Yangi masjidlar barpo etilyotgani, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinyotgani, milliy va diniy qadriyatlar tiklanyotgani qayd etildi. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilyotgani qo‘shimcha qilindi.
“Mana, bu yil ham Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilindi. Bu esa bayramni yanada fayzli va mazmunli o‘tkazishga, o‘zaro mehr-muruvvat rishtalarini bog‘lashga xizmat qiladi, albatta.
Hech shubhasiz, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettiriladi. Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab, yanada hamjihat bo‘lib, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz”, deyiladi tabrikda.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda yoshlarni azaliy qadriyatlar bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan insonlar etib tarbiyalash asosiy burch ekanini doimo yodda tutish lozim.
“Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan shior asosida ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz kerak. Bu borada Haj va Umra safarlariga borib kelgan yurtdoshlarimizning “mahalla yettiligi” va faollarimiz bilan birga alohida o‘rnak ko‘rsatish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Yaratganning rahmati va mag‘firati ziyoda bo‘lib turgan ushbu munavvar lahzalarda xorijdagi yurtdoshlarimizni, uzoq va yaqin davlatlardagi barcha musulmon ummatini Ramazon hayiti bilan sidqidildan muborakbod etamiz”, deydi Mirziyoyev.
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘’tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin
Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
LiveBarchasi