Prezident Uzbekistan Airways’ga chiptalar narxi oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi
Jamiyat
−
28 mart
8585Prezident Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga chiptalar narxi oshishining oldini olish yuzasidan topshiriq berdi. Bu haqda kecha, 27 mart kuni aviakompaniya raisi Shuhrat Xudoyqulov Prezidentning xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishidan keyin “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Shuhrat Xudoyqulovga ko‘ra, Prezident buxgalteriya hisobining milliy standartlaridan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishni topshirgan. Bu esa kelgusida kompaniyaga xarajatlarni kapitallashtirishga, shuningdek, chiptalar narxini ushlab turishga, bozorda moslashuvchan va aholi uchun qulay bo‘lishga imkon beradi.
Shuningdek, Mirziyoyev aviakompaniyaga aviachiptalar narxini oshirmaslik va bu jarayonni ma’lum darajada nazorat qilish vazifasini qo‘ygan.
Bundan tashqari, Xudoyqulov milliy aviakompaniya oldiga xalqaro bozorda aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha jiddiy vazifa qo‘yilganini ta’kidladi. Bildirilishicha, mazkur jarayon bilan Uzbekistan Airways qoshida tashkil etilgan transformatsiya ofisi shug‘ullanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. O‘shanda aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, havo kemalarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘rilishi, xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkazilishi aytilgandi.