Prezident transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatini tasdiqladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan:

•    Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati;

•    Korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati;

•    Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxati;

•    Davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘lig‘icha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar ro‘yxati;

•    Xususiy sektorga sotiladigan davlat ko‘chmas mulki ob’ektlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 24 ta shtat birligidan iborat Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti tashkil etilishi belgilandi.

Mazkur shtat birliklari moliya va davlat soliq xizmati organlarining 12 tadan shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi.

Departamentning asosiy vazifalari etib transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalarida quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

•    Moliya vazirligi tomonidan davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) vakolatlari va funksiyalarini amalga oshirishni tashkil etish;

•    2021 yil 1 aprelga qadar 2019–2020 yillar uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;

•    2021 yil 1 aprelga qadar har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;

•    2021 yil 1 iyulga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;

•    2021 yil 1 iyulga qadar kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga xalqaro tanlov asosida chet ellik soha mutaxassislarini (jumladan, vatandoshlarni) faol jalb etish orqali kuzatuv kengashlari tarkibining kamida 30 foizini va korxona boshqaruvining kamida 3 nafar rahbar xodimini malakali xalqaro mutaxassislar bilan to‘ldirish.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida elektr energiyasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda davlat rahbari 2020-2021 yillarda elektr energiyasi uchun tariflarni oshirmaslikka ko‘rsatma berdi.


Maqola muallifi

Teglar

farmon korxona transformatsiya

Baholaganlar

138

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing