Prezident Toshkentdagi 24 soat uyg‘oq bo‘ladigan ko‘chani ko‘zdan kechirdi
Jamiyat
−
10 iyul 13553 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident poytaxtning Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini bog‘lab turuvchi Bunyodkor ko‘chasida bo‘ldi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi.

Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
“Yo‘l bo‘yi obod qilingan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada ko‘rk bag‘ishlagan. Odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi, mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik sub’ekti tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazilgan. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etilgan. 500 kishi ish bilan ta’minlangan.

Ma’lum qilinishicha, ko‘chaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshlagan. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshgan. Hududlarda sayohat va servis infratuzilmasi yaxshi rivojlanayapti. Turizm qishloqlari, mehmon uylari, gastronomik ko‘chalar qo‘llab-quvvatlanayati.

Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani tunu-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi