Prezident Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi ko‘prikni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2023
9632Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 oktyabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ob-havo noqulayliklari va harorat pasayishi davrida infratuzilma ob’ektlarida muammo kelib chiqishining oldini olish, yo‘llarning sifati va xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalar davlat rahbarining doimiy diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Prezident mazkur yo‘nalishlardagi ishlarning borishi hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshlagan. Mirziyoyev manzildagi qurilish jarayoni bilan tanishgan va tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Aytish joiz, bu ko‘prik Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. Qurilish bitgach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9-10 ming atrofida edi.
Davlat rahbari shuningdek, mutasaddilarning iqtisodiy va ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati yuzasidan hisobotini tinglagan. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatli yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 avgust kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi va Sodiq Tolipov ko‘chasiga chiqish va tushishga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulab tushgan edi.
LiveBarchasi