Prezident sportga oid yangi qarorni imzoladi
Jamiyat
−
11 aprel 2022
142442022 yildan har yili 30 iyun kuni O‘zbekistonda 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining bugun, 11 aprel kuni qabul qilingan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qaror bilan ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, oilaviy sport rag‘batlantiriladi, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
2022 yildan har yili 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabrda o‘tkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi.
1-bosqichda – ko‘chalararo mahalla musobaqalari;
2-bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari;
3-bosqichda – sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari;
4-bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘olib mahalla jamoalari o‘rtasida viloyat musobaqalari;
5-bosqichda – viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida respublika (final) musobaqalari.
Ushbu musobaqalar 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladi.
2023 yil 1 martdan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha 3 bosqichli umumrespublika sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Yuqoridagi musobaqalar g‘oliblarini tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi:
• tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;
• viloyat bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;
• respublika (final) bosqichida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.
LiveBarchasi