Prezident sel talafotlari bo‘yicha sirli raqamlarni ochiqladi
Jamiyat
−
11 may 2022
17983Joriy yilda O‘zbekistonning yetti hududida sodir bo‘lgan yirik selda 9 kishi qurbon bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘ldi. Tegishli ma’lumotlarni bugun, 11 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalasiga to‘xtalib, ochiqladi.
“Joriy yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Oqibatda 9 nafar inson halok bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘ldi.
Bunga sel va ko‘chki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib pala-partish sug‘orilgani ham sabab bo‘lmoqda”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga:
• tog‘ daryolari va soylari, sel yo‘llari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini ko‘paytirish;
• daryo qirg‘oqlari, suv omborlari, selga qarshi inshootlarning favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini o‘rganib, ularni mustahkamlash;
• xavfli hududlarda yashayotgan xonadonlarni xavfsiz hududlarga doimiy ko‘chirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.