Prezident saylovida XDPning nomzodi kim? Ulug‘bek Inoyatov bilan saylov haqida suhbat

Intervyu

Joriy yilda O‘zbekistonda yirik siyosiy voqelik – Prezident saylovi kutilmoqda. Avvalgilardan farqli ravishda bu yil saylov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi va o‘zbekistonliklar Prezident Shavkat Mirziyoyevning besh yillik faoliyatiga baho beradi. 

Saylov har qanday xalqning kelgusi taqdirini belgilovchi asosiy siyosiy jarayon hisoblanadi. Joriy yilda ushbu siyosiy jaranyonda 5 ta partiya – Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya ishtirok etishi kutilmoqda. 

QALAMPIR.UZ Prezident saylovi oldidan partiyalar rahbarlari bilan suhbatlarni boshlaydi. Bizning ilk mehmonimiz Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov. 

Ulug‘bek Inoyatov bilan suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin

Qamariddin Shayxov, jurnalist: — O‘ylashimizcha, O‘zbekiston 5 yilda ancha o‘zgardi. Siyosiy partiyalarda ham uyg‘onish bor. Biz ko‘p aytardik, “Siyosiy partiyalar komada”, deb, ammo bunday emasligini 2019 yilda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga deputatlar saylovida qisman ko‘rdik. Bu yilgi saylovga tayyorgarlik qanday? Nimani kutsak bo‘ladi? 

Ulug‘bek Inoyatov, XDP Markaziy Kengashi raisi: — To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, har qanday saylov demokratiyaning ko‘zgusi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham saylovlar orqali xalqimiz o‘z nomzodini saylaydi. Bu konstitutsion huquq bilan belgilab berilgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston saylov qonunchiligida ham juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Siyosiy partiyalarning saylovlardagi o‘rni ortdi.  Ular juda katta imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Qonunchilikda siyosiy partiyalarga saylovlarda faqatgina nomzod ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan va bu partiyalarga juda katta ishonch va mas’uliyatdir. Shu o‘rinda siyosiy partiyalar ham mana shu ishonchga munosib ravishda o‘zini o‘zgartirishi va strategiyasini ishlab chiqishi, uni amalga oshirishi kerak. 

Q.Sh.: — Bu mas’uliyat va majburiyat kimning qarshisidagi his? Davlatningmi?

U.I.: — Birinchidan, davlat mana shunday imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishi, ikkinchidan, saylovchining va partiyalarning ham siyosiy ongi, siyosiy bilimi, ularning huquqiy qarashlari ham tafakkurdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Mana shu oxirgi yillarni ochiqlik davri deb ataydigan bo‘lsak, xalqimiz butkul o‘zgardi. Ular ham o‘z huquqlarini to‘laqonli amalga oshirish uchun siyosiy bilimga, siyosiy faollashishga ega bo‘ldilar. Ikki yil oldingi xalqimiz bugun butunlay boshqacha. 

Q.Sh.: — Yuqorida men kimning qarshisidagi majburiyat va mas’uliyat hissi, deb savol berganimda, ochig‘i, “ovoz berayotganlarning” degan javobni kutgandim. XDP haqida bir ta’rif bor va bu bilaman nafaqat sizga balki, partiyadagilarga ham yoqmaydi. “XDP sobiq ittifoq kompartiyasining vorisi”, deyishadi. Albatta, bunga turli vajlar keltiriladi: “Biz uning g‘oyaviy vorisi emasmiz. Faqatgina byudjet mablag‘lari va binosi bizga o‘tib qolgani uchun bizni voris deyishadi. Aslida esa unday emas”, deysizlar. Buni aytmasingizdan oldin o‘zim aytib qo‘ydim. Lekin bu tarix. 

U.I.: — Albatta, inson o‘z kelib chiqishi, avlodi va tarixidan hech qachon yuz o‘girmasligi kerak. Uni qadrlash kerak. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi ko‘ppartiyaviylik, umuman partiya tizimi, bu hammasi  sobiq ittifoqdagi kommunistik partiyaning davomi. Bu – klassika. Butun dunyoda mana shunday tizim orqali shakllangan. XDP bundan 30 yil oldin o‘sha partiya negizida tashkil topgan. 

Q.Sh.: — G‘oyaviy jihatdan qanchalik bog‘langansizlar va qanchalik uning vorisisizlar? Qo‘pol qilib aytganda, eskilik sarqitlari yashab qoldimi?

U.I.: —  Bilasizmi, bunga eskilik sarqiti, deb qaramaslik kerak. Partiyamizning g‘oyasi ijtimoiy himoya va tenglik, ijtimoiy barqarorlik, ijtimoy adolat masalasini oldinga surishdir. Raqib partiyalar bizni “Bular tekinxo‘rlar partiyasi”, deb ham aytishadi. Lekin bilasizmi, jamiyatda rivojlanish, barqarorlik bo‘lishi uchun davlat o‘zining barcha resurslarini xalq faravon yashashi uchun yo‘naltirishi kerak. Ana shundagina jamiyatda rivojlanish bo‘ladi. Bu bizning siyosiy qarashlarimiz. 

Bizni “boqimandalar”, deb qarashlari ham mumkin. Lekin bunday qaramaslik kerak. Jamiyatdagi insonlar teng emas va ular ijtimoiy himoyaga muhtoj. Manaman degan tadbirkor ertaga bizning elektoratimiz bo‘lib qolishi mumkin.

Hozir QALAMPIR.UZ ofisiga kirib kelayotganimda bir pannoga ko‘zim tushdi: zo‘ravonlikka uchragan ayollar. Ularni ham kimdir himoya qilishi kerak-ku! Ularni jamiyatdan surib tashlamaymiz-ku! Kimdir nogiron, boshqa birov ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. Shunday paytda ularning haq-huquqlarini himoya qiladigan siyosiy kuchlar chiqishi kerak. Hukumat oldiga ularning masalasini qo‘ya olish kerak. 

Partiyalar bir-biri bilan o‘zaro raqobatlashib, jamiyatning o‘sishi uchun asosiy turtki bo‘lib xizmat qiladi. Chunki partiyalar ijrochi emas. Partiyalar g‘oyalarni ko‘tarib chiquvchi, fikrlar beruvchi va jamiyatni rivojlantirishga undovchi, uni nazorat qiluvchi kuchga ega bo‘lgan siyosiy tashkilot.

Q.Sh.: — Rahbar sifatida emas, elektorat o‘laroq o‘z partiyangizdan qoniqasizmi?

U.I.: — Albatta, qoniqaman. Chunki XDP – juda katta qadryatlarga ega bo‘lgan yagona partiya. U O‘bekistondagi barcha siyosiy jarayonlarda qatnashgan. Mamlakatning bugungi kunga yetib kelishi uchun barcha prezidentlik va parlament saylovlarida ishtirok etgan yagona partiya hisoblanadi. 

Q.Sh.: — Shu o‘rinda raqamlar nuqtayi nazaridan oxirgi paytda keskin obro‘sizlanib ketgan partiya, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap saylovda qatnashishda emas, qanday qatnashishda. Keling, endi faktlar bilan gaplashaylik. 1999 yilda ilk bor Oliy Majlis deputatligiga saylov bo‘lgandi. O‘sha yili katta ovoz bilan 32 kishi saylangan. 2004 yilda esa yana Oliy Majlisga o‘tgan saylovda 35 a’zo saylangan va bu ham yaxshi ko‘rsatgich. 2009 yilda XDPdan 32 a’zo saylangan, o‘tgan saylovga qaraganda 3 taga kamaygan. 21 foiz o‘rin olgansizlar. 2014 yilda uchinchi o‘ringa tushyapsizlar, 27 a’zo saylangan. O‘zLiDeP va “Milliy Tiklanish” sizlarni o‘zib o‘tgan. 2019 yilda esa “Xush kelibsan, XDP!” 22 ta a’zo bilan to‘rtinchi o‘rinda (15 foiz). Partiya nima uchun bu qadar obro‘sizlanib ketdi?

U.I.: — Bilasizmi, bunda raqobatga qarash kerak. Oldin Ekologik partiya Ekologik harakat edi. Demak, 4 ta partiya o‘rtasida raqobat bo‘lgan. Keyin esa partiya soni 5 taga yetdi. Agar kelajakda yana bir qancha partiyalar tashkil etiladigan bo‘lsa, raqobat yana ortadi. Qayerdadir targ‘ibotni amalga oshirishda yoki xalqni ichiga kirib borib, uning dardini eshitishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. Bu ko‘rsatkich birdaniga paydo bo‘lgan emas. Shu o‘rinda yana bir fikrni aytmoqchi edim: masalaga faqat Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 ta o‘rin bilan baho bermaslik kerak. Mahalliy kengashlardagi o‘rin bilan qaraydigan bo‘lsak, bizning partiyamiz hamon birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. 

Q.Sh.: — Saylovga tayyorgarlik qanday ketyapti? 3 mlrd nomzodingiz targ‘iboti uchun ko‘p yo kam emasmi? 

U.I.: — Bilasizmi, barchaga teng imkoniyat berilyapti. Bu mablag‘ hammaga teng berilgan. Bu pul albatta ishlatiladi. 

Q.Sh.: — Unda nima uchun 2019 yildagi saylovning pullarini byudjetga qaytarib berdinglar? 

U.I.: — Boshqa partiyadagilar qaytargan bo‘lishi mumkin, lekin XDP o‘z nomzodlarining targ‘iboti uchun bu mablag‘ni taqsimlab ishlatgan. Shuningdek, bu mablag‘lar nazoratga olinadi. Saylov tugaganidan so‘ng hisob-kitob qilinadi. 

Q.Sh.: — Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari boshlandi.  Prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov iyun oyi oxiriga kelib O‘zbekistonda saylov targ‘ibot va tashviqot ishlari boshlanishi haqida ma’lum qilgandi. XDPda bu jarayon qanday ketyapti?

U.I.: — Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari 2019 yilgi parlament saylovlari tugagandan so‘ng boshlangan. Nazarimda, barcha partiyalar o‘z nomzodi Prezident bo‘lishini xohlaydi va bunga intiladi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, XDPda ham 2019 yildagi saylov tugaganidan so‘ng navbatdagi Prezident sayloviga tayyorgarlik boshlagan. 

Bilasizmi, Prezident sayloviga tayyorgarlikni 2016 yildan emas, 2019 yildagi parlament saylovlaridan keyin boshladik?! Chunki 2019 yildagi saylov O‘zbekiston tarixidagi butunlay yangi va ochiq saylovlar sifatida o‘tdi.
Men bu partiyaga rahbar sifatida 2019 yilda kelganman va o‘sha kundan  ham parlament sayloviga, ham prezident sayloviga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Prezident sayloviga bizning partiyamiz yangi strategiya bilan kirib kelyapti. Bu nimalardan iborat deydigan bo‘lsak, xalq bilan yangicha ishlash mexanizmi orqali nomzodimizning saylov dasturini shakllantirishni boshladik. Biz yangi dasturimizni ekspertlarga berdik va ulardan olingan tanqidiy fikrlar orqali yanada rivojlantirdik. Biz, albatta, prezident saylovida qatnashamiz. Agar qatnashmasak, bu tarixiy xato bo‘ladi.

Q.Sh.: — XDPning nomzodi kim?

U.I.: — Qurultoygacha bu masalani muhokama qilamiz. Nomzod haqida o‘ylayapmiz. Nomzodni partiya ko‘rsatadi va uning dasturini ham partiya ishlab chiqadi. Biz dasturimizni ekspertlarga tasdiqlatdik va uni e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. 

Nomzodni qonunchilikda belgilanganidek saylovga 45 kun qolganda e’lon qilamiz va uni ro‘yxatdan o‘tkazamiz. Nomzod kimligini hozircha ayta olmaymiz.

Q.Sh.: — Siz nomzodlar orasida bormisiz?

U.I.: — Partiya yetakchisi sifatida meni ham nomzodim bor, albatta. Boshqa yetakchilarimizning, vazir lavozimida ishlab turgan yoki xalqning xizmatida yurgan faollarimizning ham nomzodlari bor. Bu nomzodlar rasmiy bo‘lishi uchun avvalo qurultoyda tasdiqlanishi kerak. 

Q.Sh.: — Agar nomzodlar ichida bo‘lsangiz va saylansangiz, bu biz uchun katta faxr bo‘ladi. “Qachondir Prezident Inoyatov bizning studiyamizda mehmon bo‘lgan”, degan fikrlarni aytarmiz. 

U.I.: — Orzuga ayb yo‘q. Hatto, nabiralarim ham prezident bo‘lishni orzu qiladi va men bu bilan faxrlanaman.

Q.Sh.: — Bugun hayotimizga “Yangi O‘zbekiston” degan atama kirib kelgan. Siz uch O‘zbekistonni ko‘rgan shaxssiz. Bu – sobiq ittifoq davri, 27 Karimov boshqaruvidagi O‘zbekiston va oxirgi besh yildagi O‘zbekiston. Islom Karimov davrida, 2013 yilda Xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandingiz. Besh yil mobaynida shu “sahna”da ishladingiz. Davrlardagi va boshqaruvdagi shaxslarning farqi nimada? 

U.I.: — Yuqorida aytganimdek, har bir inson o‘z tarixidan faxrlanishi va g‘ururlanishi kerak. O‘zida kuch topishi kerak. Shundagina rivojlanish va ishonch bo‘ladi. Har bir davrning o‘z yutuqlari va kamchiliklari bor. Shu nuqtayi nazardan men, albatta, bu uch davrni tahlil qilaman.  

Islom Karimov buyuk shaxs. U mustaqil O‘zbekistonning asoschisi. Agar u inson bo‘lmaganda edi, O‘zbekiston bugungi mustaqilligiga erishmagan bo‘lardi. Uni qadrlashimiz, xotirlashimiz kerak. 

Hozir siz yoshlarda kreativlik ancha rivojlangan. Taqqoslash va qiyoslashda birdaniga oq va qorani ajratib tashlash xususiyatlari bo‘ladi. Bugungi zamon yoshlari butunlay boshqacha qarash bilan yuradi. Men o‘sha davrlarni yashab o‘tgan shaxs sifatida bugungi kunga shukrona qilaman. 

Q.Sh.: — Siz bir rahbardavrida vazirlikka kelib, boshqasi davrida vazirlikdan ketgan insonsiz. Kelgan davringizga qanday baho berasiz? Karimov nima uchun sizni birdan Xalq ta’limi vaziri lavozimiga olib kelgan?

U.I.: — Bilasizmi, men Islom Karimovni 2003 yilgacha televedeniye va gazetalar orqali taniganman, o‘zlari bilan shaxsan ko‘rishmaganman. 2003 yildan boshlab oldingi Prezident devonida faoliyat olib borganman. Yana bir muddat ta’lim sohasiga qaytib, shu sohada ishlaganman. 2013 yilda Xalq ta’limi vaziri sifatida kelishimning sababi Nizomiy nomidagi TDPU rektori bo‘lganim bo‘lsa kerak. 

Men rektorman va kabinetimda o‘tiribman. O‘sha paytdagi davlat maslahatchisi qo‘ng‘iroq qilib, “Toshkentdamisiz?”, dedi. “Ha, Toshkentdaman”, deb javob qildim. Mendan zudlik bilan devonga yetib kelishimni so‘rashdi. Borganimdan keyin Islom Karimov men bilan suhbatlashmoqchi ekanligini aytishdi. “Nima masalada?”, deb so‘raganimda, ta’lim tizimidagi islohotlar haqida ekanini aytishdi. Oradan ikki soatcha vaqt o‘tganidan keyin davlat maslahatchisi bilan birgan Karimovning oldiga kirganmiz. Og‘ir, bosiqlik bilan “ob’ektivka”mni o‘qib, bir-ikkita savol berdilar. O‘sha payt chet tillarini o‘qitish bo‘yicha qaror endi qabul qilingan edi. Shu bo‘yicha fikrimni so‘radilar. Men esa buni qo‘llab-quvvatlashimni aytdim. Shundan keyin universitetdagi aniq va tabiiy fan o‘qituvchilarini tayyorlash jarayoni, o‘qituvchilarning metodik ta’limoti va uning sifati haqida tanqidiy munosabat bildirdilar. Shular haqida biroz fikr almashdik. Suhbatimiz tugaganidan so‘ng Karimov menga yuzlandi va “Suhbatdan qanday xulosa chiqardingiz?”, deb so‘radi. Men o‘qituvchilarni yangicha yondashuv asosida tayyorlash kerak ekanligini aytdim va yana bir qancha umumiy xulosalarimni bildirdim. Shundan keyin Islom Karimovning kabinetidan chiqdik va davlat maslahatchisi bugungi suhbat haqida o‘z fikrlarimni yozib, ertaga yana kelishimni aytdi. Bir kundan keyin men o‘z fikr va xulosalarimni qog‘ozga tushirib, yana keldim. Davlat maslahatchisi menga Xalq ta’lim vaziri lavozimiga tayinlanganimni aytdi va farmonning nusxasini berdi.

Q.Sh.: — Lavozimdan ketguningizga qadar necha marta hozir amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishgansiz yoki yakkama-yakka suhbatlashgansiz? 

U.I.: — Har uch-to‘rt oyda bir marta yakkama-yakka suhbatlar bo‘lgan. Sababi biz taqdimotlar o‘tkazardik va bu jarayonda, albatta, alohida suhbat bo‘lardi. Taqdimot davomida o‘sha paytdagi muammolarni aniq va lo‘nda qilib aytib, uning yechimi haqida gaplashardik.

Q.Sh.: — O‘zbekistonda boshqa partiyalar hukmron partiya bilan murosa qilib ishlashga majbur yoki ularni o‘zaro tiyib turish prinsipi ishlaydi, degan fikrlarga qanday qaraysiz? Bu nafaqat qonunchilikda taklif yoki qonun ishlab chiqish jarayonidagi o‘zaro debatlarda balki, hatto piar va reklamada ham seziladi. Boshqa partiyalar hukmron partiyadan o‘zib ketmasligi kerak, degan taktika ishlaydi. Bularga munosabatingiz qanday? 

U.I.: — Bizda hukmron partiyaning o‘zi yo‘q! Siz qaysi partiyani “hukmron” deb ayta olasiz?! “Hukmron” degan nomni olish uchun u partiya  Oliy Majlis Qonunchilik palatasida kamida 50 foizdan ko‘proq o‘rinni egallashi kerak. Bizda hech qaysi partiya bunday o‘rinni egallamagan. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, hukumatning shakllanishida barcha partiya birday qatnashadi. 

Qaysidir partiyani “bosib” turish degan narsa esa yo‘q.  

Q.Sh.: — Bugun kiberhujumlar ortib borayotgan, dunyoning istalgan joyida istalgan harakatni amalga oshirish mumkin bo‘lgan davrda XDP ko‘rsatayotgan dastur va u nomzodi mana shunday og‘ir jarayonlarga dosh bera oladimi? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Afg‘onistondagi holat juda ham xavotirli va chegara nuqtayi nazaridan O‘zbekistonga ham xavf solishi mumkin. XDP ko‘rsatayotgan nomzodlarning siyosiy irodasi bunga tayyormi?

U.I.: — O‘ylaymanki, har bir partiya saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida qaysidir qatlamning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin. Lekin prezident saylovida  har  bir partiya butun xalqning manfaatlarini himoya qiluvchi va ularning muammolari yechimiga qaratilgan dasturlar bilan qatnashadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, xalqimiz partiyalarning g‘oyasiga qarab emas, ko‘rsatilgan nomzodning amaliy bajargan ishlariga qarab ovoz beradi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, har bir partiya, jumladan, XDP ham xalq ichida e’tibor va obro‘ qozongan, ular uchun amaliy ish bajargan nomzodini qurultoyda tasdiqlaydi. 

Q.Sh.: — 2016 yilda Prezident saylovida g‘alaba qozongan O‘zLiDeP  dasturida olg‘a surgan va’dalarni to‘la-to‘kis amalga oshirdimi? Bunda Prezident Mirziyoyevning ishtiroki qanday bo‘ldi? 

U.I.: — Inson hech qachon to‘liq qoniqmaydi. Agar raqib partiya sifatida qaraydigan bo‘lsak, javobim shuki, “yo‘q!”.  O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar to‘laligicha va biz kutgandek amalga oshirilgani yo‘q. Masalan, bugungi kunga kelib eng jiddiy muammo mehnatga layoqatli fuqarolarning ishsizligi. Butun hukumat o‘zining barcha resurslarini ishsizlikni yo‘qotishga qaratishi hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga yo‘naltirishi kerak. Qilyapti, lekin hali kutilgan darajaga kelganimiz yo‘q. Qachon xalq rozi bo‘ladi? Qachonki, fuqaroning bandligi ta’minlansa va unga ish berilsa. Shuningdek, u o‘z ishiga yarasha oylik maosh olishi kerak. 

Q.Sh.: — Agar sizning nomzodingiz saylovda g‘alaba qozonsa, mana shu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

U.I.: — Biz mazkur muammoni yechish uchun o‘z strategiyamizni ishlab chiqqanmiz va buni yechish uchun harakat qilamiz. Lekin bu masala qay darajada hal qilinadi, buni oldindan aytish qiyin. Yuqorida aytganimdek, harakat bo‘ladi, albatta. 

Q.Sh.: — O‘zbekiston qariyb bir yarim yildan beri pandemiya iskanjasida. Hukumatning, Respublika maxsus komissiyasining va davlatning favqulodda olib borgan faoliyatini siz qanday baholaysiz?

U.I.: —  “Temir daftar”larning tashkil etilishi, har bir mas’ul komissiyaning vazifalari belgilanishi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining tashkil etilishi, “Inqirozga qarshi kurash” jamg‘armasining tashkil etilishi va pandemiya davridagi ajratilgan mablag‘lar va ularning ishlatilish masalasi bo‘yicha byudjet qonuni qabul qilingan. Mana ikki yildirki, byudjet qonun bilan tasdiqlanadi va byudjetning ijrosi bo‘yicha har uch mutasaddi rahbarlar oyda Oliy Majli Qonunchilik palatasi deputatlari oldida hisobot beradi. Shuningdek, muhokamalar jarayonida keyingi yilning byudjetini tasdiqlashda yo‘nalish, taklif va tavsiyalar beriladi. 

Bu jarayonlarda deputatlar ochiq-oshkor qatnashishadi. Shu nuqtayi nazardan maxsus komissiyaning yig‘ilishlariga ham deputatlar taklif etiladi. Ular ham komissiyaning chiqarayotgan qarorlaridan xabardor bo‘ladi. Men “Mana bu komissiya yopiq holda ishladi”, deb ayta olmayman. Maxsus komissiya qabul qilgan qarorlarini ochiq-oshkora ijtimoiy tarmoqlarga ham joylab boryapti. Agar pandemiya davrida hukumat aniq chora-tadbirlarni belgilamaganda edi, iqtisodimiz bugungi holatda bo‘lmasdi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, O‘zbekistonda pandemiyadagi yo‘qotishlar boshqa davlatlarga qaraganja katta bo‘lmadi. Buning barchasi Maxsus komissiyaning faoliyati bilan bog‘liq, deb qarashimiz kerak. Chunki komissiya bu – ijro etuvchi organ va uning nazorati bo‘yicha parlamentda hisobot beriladi. 

Ikki oy oldin Sog‘liqni saqlash vazirligining birinchi o‘rinbosari kelib, emlanish jarayonlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida parlamentga hisobot berdi. Bu borada esa har bir fraksiya o‘z tashabbusi bilan chiqadi. Kimdir sog‘liqni saqlash yo‘nalishida, kimdir tadbirkorlik sohasida, yana kimdir esa boshqa masalalar bo‘yicha hukumatni chaqiradi va boya aytganingizdek, deputatlar oldida, parlament oldida o‘z hisobdorligini ta’minlaydi. Buning uchun qonunchiligimizda juda katta imkoniyatlar berilgan. Shu nuqtayi nazardan aytadigan bo‘lsak, hukumat har doim parlament oldida hisobdor. U har chorakda amalga oshirgan ishlarini hisobotini beradi. Hisob palatasi buning tahliliy jihatlari bo‘yicha ham ushbu jarayonlarda ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident saylovi Xalq demokratik partiyasi Ulug'bek Inoyatov

Baholaganlar

60

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing