Midweek: Mubashshir Ahmad qamoqda, “kambag‘al prezident” endi yo‘q

Tahlil

“Dunyoning eng kambag‘al prezidenti” deya e’tirof etiluvchi Urugvayning sobiq prezidenti, toza qo‘llar, halollik va oddiylik ramziga aylangan Xose Muxika vafot etdi.

Anchadan buyon qidiruvda bo‘lgan Mubashshir Ahmad noqonuniy materiallar tayyorlash va saqlashda gumonlanib, O‘zbekistonga keltirildi va hibsga olindi.

O‘zbekistonda hech bo‘lmaganda o‘zini muxolifat deya atay oladigan partiya paydo bo‘ldi. Bu partiya saylovlarida 2-o‘rindan umid qilib yuruvchi XDPdir.

O‘tib borayotgan haftaning o‘rtasiga qadar O‘zbekiston va jahonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Midweek dasturi.

2-o‘rin uchun harakat qiluvchi muxolifat  

Qonunchilik palatasining 13 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining parlamentda o‘zini muxolifat, deb e’lon qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov fraksiyaning bu haqdagi rasmiy bayonotini e’lon qildi. XDP fraksiyasi hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmasligini ma’lum qilib, hammani birzum yoqa ushlashga majbur qildi. Xususan, iqtisodiyotda davlat nazoratining kamligi, strategik ahamiyatga ega davlat mulklarini xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmagani, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmagani, farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi kabi bir qator masalalar partiya elektorati manfaatlariga zid ekani ta’kidlandi. XDPning mazkur qadami yil boshida muhokamaga qo‘yilgan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun yalpi majlisda qabul qilingan kunda tashlandi va ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ammo parlament ichida ro‘y bergan bu voqelikni hozirdan ijobiy baholash va e’tirof etish shart emas. Chunki muxolifat mavzusi qonunchilik uchun ham, amaliyot uchun ham yangilik emas. Turli yillarda turli partiyalar o‘zini muxolifat deb e’lon qilganligining guvohi bo‘lish mumkin. Xususan, 2010 yilda Xalq demokratik partiyasi, 2015 yilda Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” SDP fraksiyalari o‘zini parlament muxolifati sifatida e’lon qilgan.   Albatta, bu safargi muxolifat uchun tashlangan qadamlar parlamentda oxirgi kunlarda kuzatilgan voqeliklarning tabiiy tarzdagi mantiqiy davomi bo‘lishi ham mumkin. Chunki so‘nggi paytlarda parlament devorlari ichidan har doim ham sodir bo‘lmaydigan jarayonlar haqida xabarlar chiqib turibdi. Masalan, 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini boshqa 4 ta partiya vakillari rad etib, unga qarshi ovoz berdi. Mazkur qonun loyihasida O‘zLiDep elektoratining asosiy kuchi bo‘lmish tadbirkorlar manfaatini ochiqdan ochiq ilgari surgandi. Jumladan, qonun loyihasida Mehnat kodeksiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgandi. Ushbu qonun loyihasi ko‘plab bahs va tortishuvlarga sabab bo‘lib, yakunda yetarli ovoz ololmadi va tashabbuskorlarga qaytarilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan O‘zLiDeP deputatlari to‘liq uni qo‘llab-quvvatlagan – 57 ovoz. Qolgan 4 ta partiyaning 71 nafar deputati qarshi ovoz bergan bo‘lsa, 2 nafar Milliy tiklanish partiyasi a’zolari betaraf qolgan. Shu voqeadan 1 hafta o‘tar-o‘tmas, aniqrog‘i 5 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ikki fraksiya parlamentda “Taraqqiyot bloki” nomli yangi siyosiy birlashma tuzganini e’lon qildi. Mazkur blok O‘zLiDepdan 64, “Milliy Tiklanish”dan esa 29 deputatni jamlagan holda 93 nafar a’zoga ega bo‘lib, parlamentdagi eng yirik kuchga aylandi.

Bu ushbu blokka o‘z tashabbuslari, qonun loyihalarini ovoz berish jarayonida osongina o‘tkazib olish imkonini taqdim qiladi. Eng qizig‘i, mazkur blok hukmron partiyaning so‘nggi tashabbusi qolgan partiyalar tomonidan qarshilikka uchraganidan ko‘p o‘tmay tuzildi.

Mubashshir Ahmad endi qamoqda

Joriy yilning 8 may kuni “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Istanbulning Bahcheshehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani aytildi. Ma’lum qilinishicha, Alisher Tursunov hibsga olingan kunning o‘zida advokatlari ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazilgan. O‘sha kuni advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Alisher Tursunov Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o‘tkazilishi, ertasiga esa u yerdan ozod qilinishi kerak bo‘lgan. “Azon Global” portali oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi Mubashshir Ahmadning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermagan. Portalning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan. Shundan so‘ng oilasi Mubashshir Ahmadning ahvolidan xavotirlangan. Chunki xabarda uning uzoq yillardan buyon qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekishi hamda muntazam ravishda zarur dorilar qabul qilib turishi kerakligi ta’kidlangan. Bu orada Mubashshir Ahmad Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingani haqida xabarlar chiqdi. Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo‘lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirne shahriga jo‘natilgani iddao qilindi. Turkiyalik advokat Ibrohim Erginning aytishicha, Mubashshir Ahmad Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan va noqonuniy tarzda O‘zbekistonga topshirilgan degan da’voni o‘rtaga tashladi.

Mazkur voqealardan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovning Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini rasman tasdiqladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston IIV tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan, 1974 yilda tug‘ilgan, fuqaro Alisher Ahmadovich Tursunov joriy yilning 8 may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Tursunovning ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lgani sababli, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. 

O‘zi umuman olganda, Mubashshir Ahmad bilan so‘nggi 2 yilda bunday holatlar ko‘p takrorlandi. U O‘zbekistondagi faoliyati davomida ham huquq-tartibot idoralariga chaqirilgan holatlari haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bir necha bor ma’lum qilgan. 

Unga qo‘yilgan ayni damdagi moddalar bilan ham keskin tushunmovchiliklar yuz bergandi. Masalan, joriy yil boshida Ichki ishlar vazirligi diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Ahmadovich Tursunov) Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilganini ma’lum qilgan edi. Ammo keyinchalik Vazirlik voizi Shohrux G‘iyosov Mubashshir Ahmad yuqoridagi moddada nazarda tutilgan jinoyatda gumonlanmayotgani, axborot tarqatishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilganini ma’lum qilgandi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan 2023 yil 11 avgustda 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro Alisher Tursunov (taxallusi Mubashshir Ahmad)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘sha yili 29 avgustda unga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanishi sharti bilan qidiruv e’lon qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning avgust oyida ta’sischisi Mubashshir Ahmad bo‘lgan “Azon.uz”sayti  o‘z faoliyatini to‘xtatgandi. Shundan so‘ng Alisher Tursunov Turkiyaga ketib, o‘sha yerda “Azon Global” portalida ishini davom ettirdi. 2023 yilning 28 dekabr kuni esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Mubashshir Ahmad Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan olib ketilib, Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Keyinroq, 2024 yil 21 fevral kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Mubashshir Ahmad deportatsiya markazidan oilasi bag‘riga qaytgandi.

Adolat va halollik ramzi vafot etdi

13 may kuni Urugvayning sobiq prezidenti mamlakatni 2010-2015 yillar oralig‘ida boshqargan, shu vaqtdan boshlab bugungacha va ko‘p ehtimol kelajakda ham uzoq yillar davomida halollik, poklik va toza qo‘l ramziga aylangan Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi haqida mamlakatning amaldagi Prezidenti birinchilardan bo‘lib xabar bergan holda, Muxikaga barcha xizmatlari uchun tashakkur bildirdi.

“Biz hamkasbimiz Pepe Muxika vafot etganini chuqur qayg‘u bilan e’lon qilamiz. Prezident, faol, yetakchi va menejer. Sizni juda sog‘inamiz, aziz nuroniy. Bizga bergan barcha narsangiz va xalqingizga bo‘lgan chuqur mehringiz uchun rahmat”, deb yozadi u.

Xose Muxikaning ahvoli anchadan buyon yomon edi. Uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar borligi va o‘limi faqatgina vaqt masalasi bo‘lib qolgani joriy yil boshida ma’lum bo‘lgandi. O‘tgan yili esa sobiq prezident qizilo‘ngach saratoniga chalingani haqida xabarlar chiqdi. Joriy yilning yanvar oyi boshida “Busqueda” nashriga bergan intervyusida u saraton kasalligi jigariga ham o‘tganini bildirgan. Shundan so‘ng Muxika kasallik bilan kurashishni to‘xtatishga qaror qilgan. 

Yuqorida ta’kidlanganidek, Muxika adolat, halollik, poklik va ko‘plab yaxshi xislatlari bilan hali-beri hech kimning yodidan ko‘tarilmasligi tayin. U 1935 yil 20 mayda Urugvay poytaxti Montevideoda tug‘ilgan. U so‘l “Tupamaros”harakati a’zosi bo‘lgan va qariyb 14 yilini harbiy qamoqxonalarda o‘tkazgan. 2005 yildan 2008 yilgacha Urugvay chorvachilik, qishloq va baliqchilik vaziri lavozimida ishlagan. 2009 yilgi prezidentlik saylovlarida u “Keng front” so‘l partiyasidan nomzod bo‘lgan va g‘alaba qozongan. 2010 yil mart oyida esa prezident lavozimini egallagan. Prezidentlik davrida u bir qator liberal islohotlarni amalga oshirgan. 2015 yilda Xose Muxika prezidentlik lavozimini tark etgan va keyin Senatga saylangan, biroq 2018 yil boshida iste’foga chiqqan. 

Muxika o‘zining kamtarona turmush tarzi uchun “dunyodagi eng kambag‘al prezident” laqabini olgan. U prezidentlik davrida Montevideo yaqinidagi oilaviy fermada yashagan va deyarli butun maoshini xayriya ishlariga sarflagan. 2014 yilda unga 1987 yilda ishlab chiqarilgan Wolkswagen Beatle’ni 1 million dollarga sotishni taklif qilishgan, biroq Muxika bu taklifga rad javobini bergan. Senatdan ketgach, u hatto senatorlik nafaqasini ham rad etgan va ovloq kulbadagi oddiy va kamtarona hayotini davom ettirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xalq demokratik partiyasi muxolifat Mubashshir Ahmad Xose Muxika Azon Global Midweek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing