Mubashshir Ahmad “Sangorod”ga ko‘chirildi
3-sahifa
−
21 fevral 10635 2 daqiqa
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi koloniyada saqlanayotgan diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) sog‘lig‘i yomonlashgani sabab Toshkentdagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli “Sangorod” shifoxonasiga ko‘chirildi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Tursunov qandli diabetning og‘ir shakli bilan hastalangan. Shu sababli IIV Jazoni ijro etish departamenti insonparvarlik tamoyillari asosida jazoni yengilroq choraga almashtirish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritishiga umid bildirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi hukmi bilan Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq QALAMPIR.UZʼga Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligining II-turi bilan ancha yillardan buyon aziyat chekib kelayotgani, ushbu shaxsni qamoqda saqlab bo‘lmasligi yuzasidan iltimosnomalar kiritilgan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmaganini aytgandi.
Live
Barchasi