Muxolifat partiya Transport vazirini parlamentga chorladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Transport vaziridan yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga oid joriy qilingan cheklovga tushuntirish berishi uchun so‘rov yubordi. Bu haqda partiyaning Telegram-kanalida xabar berildi. 

Partiyaga ko‘ra, Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga oid joriy qilingan cheklov keng jamoatchilik tomonidan turli fikr va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, endilikda har bir haydovchi o‘z hududida va unga tutash hududda taksi faoliyatini amalga oshirishi belgilangan.

“Ammo, bu tartib O‘zbekistonning yangi qabul qilingan Konstitutsiyasining 67-moddasida belgilangan talabga zid kelmoqda. Konstitutsiyamizga muvofiq, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi”, deyiladi partiya xabarida. 

Qo‘shimcha qilinishicha, yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan bog‘liq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarni boshlanishi, ularning erkin mehnat faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilishga, shuningdek eng asosiysi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarining cheklanishiga olib keladi.

“Shuningdek, qomusimizning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan. Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi va bunday shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda”, degan partiya vakillari. 

Partiyaning ta’kidlashicha, yuqoridagilarni inobatga olib, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlar yaqqol ko‘rinadi.

“Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi Transport vaziridan ushbu masalada aniq tushuntirish berish yuzasidan so‘rov yubordi hamda transport sohasida muammolarni bartaraf etish yuzasidan hukumat soatida deputatlar savollariga javoblarni eshitish uchun Transport vaziri taklif qilinganligini qayd etadi”, deyiladi partiya xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasining joriy yilning 13 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining o‘zini parlamentdagi muxolifat, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgandi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov fraksiyaning bu haqdagi rasmiy bayonotini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xalq demokratik partiyasi Transport vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing