Partiyalar raislari saylovda ovoz berdi
Jamiyat
−
27 Oktabr
3967Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da ochildi va saylovchilar ovoz berishni boshladi. Saylovda partiyalar raislari ham ovoz berdi.
Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘z ovozini berdi.
“O‘zbekistonimiz qudratli, hayotimiz farovon bo‘lishi uchun vakillar to‘g‘ri tanlanishi va vakillik organlari samarali ishlashi lozim”, deydi partiyasi raisi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi, Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 520-saylov uchastkasida o‘zining saylov huquqidan foydalandi.
“Inson qadri ulug‘lanayotgan xalqchil islohotlarning davomli bo‘lishi uchun ovoz berdim. Aminmizki, xalqimiz to‘g‘ri tanlov qiladi. Saylovlarda faol ishtirok etadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik qadriyatlar va inson qadri ulug‘lanayotgan xalqchil islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Xaitov.
Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov esa Shayxontohur tumanidagi 427-saylov uchastkasida ovoz berdi.
“Bugungi saylov yurtdoshlarimiz xohish-irodasining yuksak ifodasi bo‘lmoqda. Shu bilan birga, xalqimizning ezgu maqsad yo‘lida hamjihatligini ham namoyon etmoqda. Saylovda ovoz berdim, saylovchilarning faolligiga guvoh bo‘ldim”, deya yozgan partiyasi raisi o‘z sahifasida.
Shuningdek, “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 21-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonida ishtirok etdi.
“Saylovlarda faol ishtirok etish har bir fuqaroning huquqi va mas’uliyati bo‘lib, mamlakatimiz kelajagini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Men ham o‘z fuqarolik burchimni ado etib, ovoz berish jarayonida ishtirok etdim. Hozirda mazkur saylov uchastkasida jarayon qizg‘in davom etmoqda, yurtdoshlarimiz o‘z saylash huquqidan foydalanib, tanlovlarini faol amalga oshirayotganligi quvonarli”, degan Mahmudova.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Abdushukur Hamzayev Olmazor tumanidagi uchastkalardan birida ovoz berdi.
“Bugun barcha fuqarolarimiz yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy jarayon, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida faol ishtirok etib, o‘zlari uchun munosib, deb bilgan nomzodlarga ovoz berishmoqda. Xuddi shunday men ham poytaxtimizning Olmazor tumanida ovoz berdim”, degan partiya raisi.
Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazilmoqda.
Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib bormoqda.
Shuningdek, hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Ovoz berish soat 20:00 ga qadar davom etadi.
LiveBarchasi